Ishonch telefoni: (+998 71) 210-11-04 (ichki raqam 5 )

"Elektron Hukumat" tizimi

Qurilish Vazirligi > “Elektron Hukumat” tizimi

"Elektron Hukumat" tizimi

ELEKTRON HUKUMAT TIZIMINI YANADA RIVOJLANTIRISH, SHUNINGDEK, DAVLAT ORGANLARI VA TASHKILOTLARINING O‘Z FAOLIYATI BO‘YICHA JAMOATCHILIK OLDIDA ELEKTRON HISOBOT BERISHI TARTIBINI JORIY ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha xarakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida» 2020 yil 2 martdagi PF-5953-son Farmoniga muvofiq elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslarining yagona reestrini yuritish, yagona identifikatorlar, ma’lumotnomalar va tasniflagichlar ro‘yxatlarini shakllantirish, ma’lumotlarni boshqarish axborot tizimini joriy qilish orqali elektron hukumat tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida» 2020 yil 2 martdagi PF-5953-son Farmoniga muvofiq:

Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reestri (keyingi o‘rinlarda — yagona reestr) axborot tizimini;

davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida qo‘llanilishi majburiy bo‘lgan elektron hukumatning yagona identifikatorlari, ma’lumotnomalar va tasniflagichlar ro‘yxatlari axborot tizimini modernizasiya qilish;

davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini integratsiya qilish orqali mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tahlil qilish, kelgusida prognozlashtirish imkonini beruvchi «Ma’lumotlarni boshqarish» axborot tizimini joriy qilish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

yagona reestrga vazirliklar, davlat qo‘mitalari, qo‘mitalar, agentliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda ustav kapitalida 50 foiz va undan ortiq davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik birlashmalari (keyingi o‘rinlarda — davlat organlari va tashkilotlari)ning axborot tizimlari va axborot resurslari (keyingi o‘rinlarda — axborot tizimlari) kiritiladi;

davlat organlari va tashkilotlariga yagona reestrga kiritilgan axborot tizimlarining funksional vazifalarini takrorlaydigan axborot tizimlarini ishlab chiqish va foydalanish taqiqlanadi. Bunda, yagona reestrga kiritilgan axborot tizimiga nisbatan tezkor, qulay, samarali, kamxarj va xavfsiz foydalanish imkonini beradigan boshqa axborot tizimlarini ishlab chiqish va foydalanishga, istisno tariqasida, faqat raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasidagi vakolatli organning xulosasiga muvofiq ruxsat berilishi mumkin;

davlat organlari va tashkilotlari idoralararo elektron hamkorlik qilishda elektron hukumatning ma’lumotnomalari, klassifikatorlari va yagona identifikatorlaridan foydalanishga majburdirlar.

3. Quyidagilar:

Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga;

Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registrini shakllantirish va yuritish hamda yagona identifikatorlardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga;

«Ma’lumotlarni boshqarish» axborot tizimi orqali davlat organlari va tashkilotlari ma’lumotlarini yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga;

Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilab qo‘yilsinki:

2020 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat boshqaruvi organlari, ularning hududiy bo‘linmalari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berish tartibi joriy etiladi;

mazkur tartib ushbu bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilmagan davlat organlari va tashkilotlari uchun tavsiyaviy tusga ega hisoblanadi.

Davlat organlari va tashkilotlarining o‘z faoliyati bo‘yicha jamoatchilik oldida elektron hisobot berishi tartibi to‘g‘risida nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi Axborotlashtirish va telekommunikasiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi va «Kiberxavfsizlik markazi» davlat unitar korxonasi bilan birgalikda:

2020 yil 1 oktyabrga qadar yagona reestrni yaratish va «Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri» axborot tizimini modernizasiya qilish bo‘yicha texnik hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;

2021 yil 1 yanvarga qadar yagona reestr va «Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri» axborot tizimining amaliyotga joriy etilishini ta’minlasin.

6. Belgilansinki:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi yagona reestr va «Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri» axborot tizimlarining egasi hisoblanadi va texnik faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi;

yagona reestrni yaratish, «Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri» axborot tizimini modernizasiya qilish hamda keyinchalik texnik qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘i mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi «Ma’lumotlarni boshqarish» axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha buyurtmachi hisoblanadi;

«Ma’lumotlarni boshqarish» axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va xalqaro moliya institutlari grantlari hisobiga, axborot tizimini qo‘llab-quvvatlash hamda takomillashtirish esa — O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladi.

7. Davlat organlari va tashkilotlari:

a) 2020 yil 1 avgustga qadar yagona reestrda axborot tizimlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ma’lumotlarni kiritishga mas’ul bo‘lgan shaxsni belgilasinlar hamda mas’ul shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligiga kiritsinlar;

b) 2020 yil 15 avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Axborotlashtirish va telekommunikasiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi va «Kiberxavfsizlik markazi» davlat unitar korxonasi bilan kelishgan holda quyidagilarni nazarda tutuvchi «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar:

«Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri» axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini inobatga olgan holda o‘zlarining axborot tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy va texnik choralarni ko‘rish;

amaldagi axborot tizimlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ular bo‘yicha ma’lumotlar doimiy yangilab turilishini inobatga olgan holda ularni yagona reestrga kiritish;

«Elektron hukumatning ma’lumotnomalar va klassifikatorlar registri» axborot tizimini shakllantirish doirasidagi xabar va ma’lumotlarning doimiy dolzarbligini ta’minlash.

8. O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikasiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi davlat organlari va tashkilotlarining barcha axborot tizimlari yagona reestrga kiritilishining muntazam ravishda monitoringi olib borilishini ta’minlasin.

9. «Kiberxavfsizlik markazi» davlat unitar korxonasi davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari axborot xavfsizligi talablariga muvofiqligi bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin.

10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — Vazirlar Mahkamasining IT-texnologiyalar, telekommunikasiyalar va innovasion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O.M. Umarov hamda O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sadikov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

 

Elektron hukumatning axborot tizimlari va resurslari yagona reestrini shakllantirish va yuritish

SXEMASI

https://lex.uz/files/4902930

​​​​​​