⚡️O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qurilish jarayonini doimiy kuzatib bormoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-maydagi “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi negizida yangi majmua barpo etilmoqda.
Xorijiy klinikalarning ilg‘or tajribasi, shifokor va bemorlar uchun barcha sharoitlar hisobga olinib, loyiha ishlab chiqilgan va shu asosda markazda umumiy qurilish ishlari yakunlangan. Hozirda binoning ichki qismida pardozlash, santexnika va elektrotexnika ishlari davom etyapti. Ishlar 3 smenada tun-u kun tashkil etilgan. Unda 600 nafarga yaqin quruvchilar mehnat qilmoqda. Qariyb 8 gektarlik qurilish maydonida 20 dan ziyod texnikalardan foydalanilyapti. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri Botir Zokirov 580 o‘rinli ushbu markazning qurilish jarayoni bilan tanishdi. Qurilish vazirligi mutasaddilari va Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi vakillari ishtirokida kechgan muloqotda markazning qurilish jarayoni, uning texnik meʼyorlari, eʼtibor qaratilishi zarur bo‘lgan barcha jihatlar kelishib olindi. Xususan, muhandislik tarmoqlari tizimida xalqaro amaliyotda o‘zini oqlagan energotejamkor texnologiyalardan foydalanish, bunda qo‘shimcha rezervlarni tashkil qilish, zamonaviy nasos moslamalarini oʻrnatish, santexnika tizimining holati va eksplutatsiyasi, jihozlar sifati, joylashuvi, rangi, dizayni, kabi barcha muhim jihatlar ko‘zdan kechirildi. Isitish sovutish, ventilyatsiya tizimining meʼyorlari quruvchilarga tushuntirildi. Kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bildirildi. Yangi majmuada qo‘shimcha 14 ta bo‘limni ochish imkoniyati bor. Markazda qurilish ishlarini shu yilning may oyiga qadar to‘liq yakunlash ko‘zda tutilgan.