Jahon davlatlari doirasidagi ilgʻor iqtisodiyot tarmoqlarini yoritish orqali investorlarni toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilishga yoʻnaltirilgan “The Investor” jurnalida yana Oʻzbekiston mavzusi! Bu safar yoritiladigan segmentlardan biri – “Qurilish va infratuzilma”.
Jurnal bosh muharriri Leanardo Slavinskiy mavzu doirasida fikr almashish, soha mutaxassislari ishtirokida intervyu tashkil etish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga tashrif buyurdi. Mehmonni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Jalol Arashov kutib oldi.
☁️ Uchrashuv avvalida vazir oʻrinbosari tomonidan bugungi kunda davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizda inson va uning huquq, manfaatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan xalqona siyosat maʼno mohiyati bilan yangi bosqichga chiqib borayotgani, bu turar joy boʻladimi, ijtimoiy obyektlar, yangi infratuzilma boʻladimi, hamma-hammasi, avvalo, inson qadri uchun yoʻnaltirilayotgani taʼkidlandi. Bularning bari odamlar uzoq kelajakda emas, bugun ham munosib va farovon yashashi yoʻlida qilinayotgan islohotlar ekani eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbari 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi islohotlar haqida gapirar ekan, aholi uchun yangi uy-joylar qurish hajmini 1,5 barobar oshirib, 90 mingga yetkazish, bu borada ikki yil oldin boshlangan imtiyozli shartlar asosida ipoteka kreditlari berishni davom ettirilishi kabi ustuvor masalalarga alohida eʼtibor qaratgan edi. Yana bir jihat kelgusi yilda Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi boshlanadi. Dastur doirasida birinchi navbatda turar joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun eng qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etiladi. Muloqotda ana shunday fikrlar tilga olindi.
❕ “The Investor” jurnalining yangi nashrida Oʻzbekistonning bunyodkorlik salohiyati, qurilish infratuzilmasi xususida maqola tayyorlanishi, bu boradagi islohotlarning buguni va istiqboli xususida ekspertlarning fikrlari bildirilishi uchrashuvda alohida qayd etildi.
Maʼlumot uchun, 48 ta mamlakatdagi yirik investorlar tarmogʻi, sektorlar va tendensiyalar haqida soʻnggi maʼlumotlarni taqdim etib boruvchi “Beyond investments group” kompaniyasining yirik tarmoqlaridan biri – “The Investor” jurnali tashabbusi bilan har yili 100 dan ortiq hamkorlik tadbirlari oʻtkaziladi. Nashrda siyosat, diplomatiya, moliya, asosiy bozorlar, transport va infratuzilma, energiya sanoati, turizm sohalari, aholining turmush tarzi haqida tahliliy maʼlumotlar berib boriladi.