Ayni daqiqalarda poytaxtimizning Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi aholi uchun sayyor qabul bo‘lib o‘tmoqda. Unda boshqa sohalar kabi jismoniy va yuridik shaxslarning kommunal sohaga oid murojaatlari ham qabul qilinmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Obidjon Mo‘minov boshchiligidagi mas’ullar hozirgi vaqtga qadar chilonzorliklarning 10 dan ortiq murojaat va takliflarini qabul qildilar. Xususan, ko‘p qavatli uylarning kommunikatsiya va ichki muhandislik tarmoqlaridagi nosozlik hamda tomdan chakki o‘tish kabi holatlar qayd etilib, tezkor bartaraf etish bo‘yicha zarur vazifalar belgilab olindi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tumanda kuzatilayotgan sohaga doir asosiy muammo ko‘p qavatli uylarning ichki tarmoqlari bilan bog‘liq.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yil Toshkent shahrining 1 825 ta ko‘p qavatli uylaridagi ichki tarmoqlar to‘liq ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan. Shundan 300 tasi Chilonzor tumaniga to‘g‘ri keladi, – dedi boshqarma boshlig‘i.
❗️Ma’lumot uchun, sayyor qabul bugun kun davomida Chilonzor tumani hokimligi binosida bo‘lib o‘tadi.