Andijon viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi (MUNOSABAT)
“Komporuz” telegram kanalida eʼlon qilingan Andijon viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchisi B.Ataxonov faoliyati boʻyicha norozilik munosabatidagi xabar yuzasidan shuni maʼlum qilamizki, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining tegishli buyrugʻiga asosan B.Ataxonov 2024-yilning 9-aprel kunidan viloyat bosh boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlangan.
Tasdiqlangan reja-jadvalga asosan bosh boshqarma rahbariyatini sayyor qabuli ishlab chiqilgan boʻlib, tanqiddagi surat 11-may kuni Asaka tumanida boʻlib oʻtgan sayyor qabuldagi asl holatdan ajratib olingan. Mazkur oʻtgan sayyor qabulda fuqaro oʻzi bilan olib kelgan hujjatlarni taqdim etish maqsadida oʻtirgan oʻrnidan turgan jarayoni aks etgan. Vaholanki, qabulga kelgan fuqarolar uchun kerakli shart-sharoitlar yaratilgan. Bosh boshqarma tomonidan joriy yilning 9-aprelidan shu kungacha arxitektura-shaharsozlik kengashi xulosalarisiz bironta ruxsatnoma berilmagan.
Ishga qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi PF-5843-son Farmoni talablariga muvofiq Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portali vacancy.argos.uz orqali amalga oshirilib kelinayotganligini va joriy yilning 9-aprelidan shu kunga qadar bironta xodim bilan mehnat shartnomasi tuzilmaganligini hamda mehnat shartnomasi bekor qilinmaganligini maʼlum qilamiz.