Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi (MUNOSABAT)
Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan Andijon shahri Bobur shoh koʻchasida qurilayotgan bino-inshootni oʻzboshimchalik bilan va hech qanday hujjatlarsiz qurilayotgani haqidagi tanqidiy xabar oʻrganilganda quyidagilar aniqlandi:
Fuqaro F.Shukurovga mazkur manzilda mavjud bino-inshootlarni koʻp qavatli mehmonlar turar-joy binosiga moslab, rekonstruksiya qilish uchun Andijon shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan 2019-yil 12-iyulda ruxsatnoma berilgan.
Tegishli hujjatlarga ko'ra shaharsozlik normalari-qoidalari boʻyicha binoning yuk koʻtaruvchi hamda toʻsuvchi konstruksiyalarini bikrlik va mustahkamlik parametrlarini kuchaytirgan holda “UZGASHKLITI” DUKning muhandislik geologik xulosasi hamda hokimiyatning qaroriga asosan loyiha tashkiloti tomonidan tayyorlanib, loyiha ekspertizasidan oʻtkazilgan shaharsozlik hujjatlari asosida binoning yuqori qavatlarini qurish boʻyicha tavsiya berilgan va bu borada texnik xulosa berilgan.
Xususan, Andijon viloyati qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2019-yil 21-avgustda Arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi (ART-1-2) hujjati tayyorlangan. “Taraqqiyot meʼmori” MCHJ tomonidan esa loyiha-smeta hujjatlari hamda mavjud binolarni 3 va 4 qavatli qilib rekonstruksiya qilish boʻyicha ishlab chiqilgan shaharsozlik hujjatlari bosh boshqarma bilan kelishilgan.
Ishlab chiqilgan loyiha hujjatlariga “Davlat ekspertiza sinov” MCHJ tomonidan 2020-yil 9-noyabrda ekspertiza xulosasi olingan. Shuningdek, yuqoridagi hujjatlar asosida F.Shukurovning 2020-yil 10-noyabrdagi arizasiga asosan obyekt hududiy inspeksiya roʻyxatidan oʻtkazilgan va fuqaro tomonidan qurilayotgan ushbu obyekt inspeksiya tomonidan tegishli tartibda nazoratga olingan.