Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri oʻtkazildi
8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali bayram tadbirida ayollarga yana bir bor ehtirom koʻrsatildi.
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri oʻtkazildi.
Albatta, ayollar doimo eʼzozda, eʼtiborda. Bayram tadbirida bu yana bir namoyon boʻldi. Tantana qatnashchilarini qutlugʻ shodiyona bilan samimiy qutlagan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.Zokirov yurtimiz ayollari farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi fidoyiligi bilan jamiyatimiz mustahkamligi va ertangi kuniga zamin yaratayotganligini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi.
Mamlakatimizda erishilayotgan quvonarli yutuqlarda, barcha jabhalarda yuksak marralarni qoʻlga kiritishda hayotimiz fayzi boʻlgan munis va dilbar oila bekalarining oʻziga xos munosib oʻrni borligi alohida qayd etildi.
- Ayolni eʼzozlash, unga ehtirom koʻrsatish xalqimizga xos oliyjanob qadriyat hisoblanadi. Biz barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz, – dedi Botir Zokirov.
Bayram tadbirida nafaqat qurilish va kommunal sohada, balki ijtimoiy hayotdagi faolligi va tashabbuskorligi, oʻzining samarali mehnati bilan oila baxti hamda farovonligi mustahkamlanishiga hissa qoʻshib kelayotgan xotin-qizlarga bayram sovgʻalari topshirildi.