Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri v.b Sherzod Hidoyatov boshchiligida navbatdagi kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri v.b Sherzod Hidoyatov boshchiligida navbatdagi kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda vazirlik va uning tizim tashkilotlari masʼullari, hududiy boshqarmalar vakillari va arxitektorlar ishtirok etdilar. Taʼkidlanganidek, qurilish industriyasini rivojlantirishga bugun har qachongidanda koʻproq eʼtibor qaratilmoqda. Ammo bu borada erishilayotgan yutuqlar qatori kamchiliklar, qonunbuzilish holatlari ham yoʻq emas. Sherzod Hidoyatov mazkur jihatlarni tanqidiy koʻrib chiqar ekan, masʼuliyat va xalq oldidagi burchning ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi.
Xususan, tizim tashkilotlari va hududiy boshqarmalarning joriy yildagi faoliyati tahlil etilganda bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Jumladan, hududiy “Arxitektura-shaharsozlik” Kengashiga kiritilgan loyihalarni koʻrib chiqish va kelishish muddatlari surunkali ravishda buzilgan. Bu boradagi eng qoniqarsiz ahvol Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida aniqlangan.
Yakka tartibdagi uy-joylar hududida qoʻshimcha koʻp qavatli turar joylar qurilishiga ruxsatnomalar berilishi natijasida aholining murojaati kundan-kunga koʻpaymoqda. Nizoli masalalar aholi yashash uylari bilan oraliq masofa saqlanmasligi oqibatida yuzaga kelayotgan bilan bogʻliq. Bu jihatlar Samarqand, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida keskin oshgan.
Shuningdek, tuman (shahar) qurilish boʻlimlarining obyektni ixtisosligini oʻzgartirishga bergan ruxsatnomalari oʻrganilganda:
-20 ta holatda jami 280 950 kv.metr noturar joy obyektlari va uning butun egallagan yer uchastkasi hamda qurilish qilinmagan boʻsh yer uchastkalari turar joy sifatida xususiylashtirilgan;
-19 ta holatda 235 950 kv.metr turar joy sifatida yashashga yaroqsizligiga, ruxsatnoma berish tegishli talab va shartlariga muvofiq berilmagan;
-1 ta holatda 45 000 kv.metr qurilish qilinmagan boʻsh yer uchastkasi yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ixtisosligi oʻzgartirib berilgan.
Sherzod Hidoyatov hududlarda aholi punktlarining bosh rejalariga amal qilish koʻrsatkichlarini ham qayd etar ekan bu borada boshqarmalarning eʼtiborsizligini qatʼiy tanqid qildi.
-Bu koʻrsatkichlar hali tizimda koʻp ishlarni isloh qilishimiz lozimligini anglatadi. Bugun qurilish sohasida raqamlashtirishni yanada kuchaytirish, sunʼiy intellektni aynan nazorat tizimiga joriy etish yuzasidan katta loyihalarni boshlaganmiz. Sohaga doir har qanday jarayon raqamlashadi va aniqlangan qoidabuzarlik holatlariga taʼsirchan choralar koʻriladi, - dedi Sh.Hidoyatov.
Tadbirda shuningdek, vazir oʻrinbosari Davronjon Adilov ham soʻzga chiqib, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarga toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan 154 ta shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi belgilangan boʻlsa-da, bugunga qadar 147 tasi bajarilgan xolos. Xususan, Jizzax, Fargʻona va Urganch shaharlari bosh rejasi haligacha yakunlanmagan.
Shuningdek, yigʻilishda sohada korrupsion holatlarning oldini olish, unga qarshi kurashish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlar qoʻllanishi, shaffoflikni taʼminlash, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik, xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalariga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda hududiy boshqarmalar vakillari va arxitektorlarning taklif hamda mulohazalari qabul qilindi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga oʻz masʼuliyatini oshirish bo'yicha talab qo'yildi. Sohada hushyorlik va halollikning ahamiyati yana bir bor eslatib oʻtildi.