Buxoro viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi (MUNOSABAT)
Buxoro shahri Ibn Sino (Bog'i shamol) ko'chasi 1/5-uy manzilidagi “Dilim Nur Stroy” MCHJ tomonidan qurilgan ko'p xonadonli turar joy inspeksiya tomonidan o'rganib chiqilgan.
Buxoro shahar hokimining 2018-yil 23-martdagi 718-sonli qaroriga asosan obyekt uchun 1900,0 kv.metr yer maydoni ajratilgan. Tegishli hujjatlar tayyorlangach, qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun hududiy inspeksiya tomonidan 2018-yil 30-avgustda ruxsatnoma berilgan.
Mazkur bino qurib bitkazilib, hududiy nazorat inspeksiyasining imzolagan dalolatnomasiga asosan Buxoro shahar hokimining 2020-yil 20-oktabrdagi qarori bilan “Dilim Nur Stroy” MCHJga tegishli 7 qavatli bino foydalanishga qabul qilingan.
Ammo bugungi kunda MCHJ rahbari B.Raupov tomonidan mazkur inshootning sakkizinchi qavatida tegishli tartibda shaharsozlik qonunosti hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, shaharsozlik normalari, qurilish me'yor va qoidalariga zid ravishda o‘zboshimchalik bilan qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan.
Holat yuzasidan hududiy inspeksiya tomonidan noqonuniy qurilmani bartaraf etish bo'yicha tegishli choralar ko‘rish uchun shahar hokimiyatiga xabarnoma yo‘llangan hamda MCHJga foydalanishga topshirish to‘g‘risidagi qonun talablarini buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan.
Bundan tashqari MCHJ mas'ullari ustidan hozirda jinoiy ish qo'zg'atilganini va sud jarayoni davom etayotganini, inspeksiya tomonidan esa tanqidda ko'rsatilgan barcha kamchiliklar nazoratga olinganini ma’lum qilamiz.