UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

Fargʻona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (MUNOSABAT)

“Kun.uz” internet sayti tomonidan eʼlon qilingan “Fargʻonada hovlilar orasida 5 qavatli “dom” qurildi. Aholining shikoyatlari natijasiz qolmoqda” nomli maqola yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi quyidagilarni maʼlum qiladi:

Fargʻona shahri, “Bahor” mahallasi, Sanoat koʻchasi, 36-uyda joylashgan yer maydonida tadbirkor tomonidan mavjud bino-inshootlarni buzib, oʻrniga besh qavatli savdo va maishiy xizmat koʻrsatish hamda ofis bino-inshootlarini qurish ishlari olib borilmoqda.

Mazkur obyekt uchun Fargʻona shahar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi tomonidan 2023-yil 18-mayda rasmiy ruxsatnoma berilgan. Shundan soʻng Arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi tayyorlanib, Shaharsozlik kengashining ijobiy xulosasi asosida loyiha tasdiqlangan va ekspertiza xulosasidan soʻng tegishli ruxsatnoma asosida qurilish ishlari boshlangan.
  
Inspeksiya mutaxassislari tomonidan ish reja hamda fuqarolarning murojaatiga asosan obyekt monitoringdan oʻtkazilganda qurilish belgilangan maʼmuriy reglament talablariga zid ravishda boshlangani aniqlangan. Xususan, qurilish-montaj ishlarini boshlash toʻgʻrisidagi xabarnoma oʻz vaqtida topshirilmagan. Shu bois 2023-yil 12-dekabrda obyektda qurilish ishlari vaqtinchalik toʻxtatilgan va qonunbuzar shaxsga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllanilgan.

2024-yilning 31-mart kuni tadbirkor qurilish obyektini qayta roʻyxatdan oʻtkazib, ishlarni yana davom ettirgan. 

Fargʻona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi shaharsozlik kengashi tomonidan Shaharsozlik kodeksiga asosan atrofdagi turar va noturar obyekt egalariga noqulayliklar yetkazmaslik hamda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish va atrofdagi turar hamda noturar obyekt egalari bilan kelishish sharti bilan 2023-yil 12-iyunda ijobiy xulosa berilgan. Ammo tadbirkor 5 qavatli bino qurilishi uchun yon atrofdagi fuqarolarning barchasidan rozilik tilxati taqdim qilmagan va shu bois boshqarmaning 2024-yil 22-apreldagi yigʻilish bayoniga asosan  Arxitektura va shaxarsozlik kengashi ishchi organining 2023-yil 12-iyundagi xulosasi bekor qilingan. Shuningdek, inspeksiya tomonidan tadbirkorga 2024-yil 3-may kuni qurilish-montaj ishlari toʻxtatish toʻgʻrisida yozma koʻrsatma berilib, qurilish ishlari toʻxtatilgan.

Tadbirkor “Hi-Tech Architect” xususiy korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlarini qaytadan Fargʻona viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi huzuridagi loyiha-smeta hujjatlarini kelishish boʻyicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organiga koʻrib chiqish uchun yuborgan.

 Mazkur loyiha-taklif koʻrib chiqilib, ma'qullangan. Loyiha-smeta hujjatlari "Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi" DM tomonidan  ekspertizadan oʻtkazilgan va obyektda qurilish-montaj ishlarini boshlash toʻgʻrisida xabarnoma yuborilib, inspeksiya roʻyxatidan oʻtkazilgan.