"Karkidon"da 15 turdagi 100 mingdan ortiq daraxt ekiladi
Farg‘ona viloyatida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish masalasiga bag‘ishlangan Respublika koʻrgazmali seminari boshlandi. Ushbu seminar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan yangi tizim doirasida tashkil etilgan bo‘lib, tadbirda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri oʻrinbosari Toir Alimatov ham ishtirok etmoqda.
Seminar doirasida dastlab ishtirokchilar Quva tumani "Karkidon" suv ombori hududida barpo etilayotgan "Yashil belbog'" loyihasi doirasida daraxt ekish tadbirida qatnashdi. Ushbu tashabbus atrof-muhit musaffoligini saqlash va yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi uchun ajratilgan 3 gektar yer maydoniga manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.
“Karkidon” suv ombori hududida 270 gektar maydonda 108 mingta 15 turdagi daraxt koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan.
Ushbu seminar qishloq xo'jaligi yerlari va tabiiy resurslaridan samarali foydalanish, ekologik muvozanatni saqlash hamda aholining daromadlarini oshirish bo‘yicha muhim tashabbuslardan biri bo‘lib, uning natijalari kelgusi yillarda o‘z samarasini berishi kutilmoqda.