MUNOSABAT (Toshkent shahar qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi)
Toshkent shahar qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Yunusobod tumani 15-mavzeda joylashgan 97- va 156-maktabgacha ta’lim tashkilotlari yonida “HI TECH TOWER” MChJ tomonidan olib borilayotgan noqonuniy qurilish ishlari yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
Joyiga chiqib o'rganish natijasida qurilish-montaj ishlarining:
— O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq belgilangan shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan;
— loyiha-smeta hujjatlarini tegishli organlar bilan kelishilmasdan;
— tasdiqlangan ishchi loyiha-smeta hujatlarining belgilangan tartibda yig’ma ekspert ijobiy xulosasini olmasdan;
— Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasini xabardor qilish tartibi orqali belgilangan tartibda ro’yxatdan o'tmasdan olib borilayotganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan tegishli qonun hujjatlariga muvofiq qisqa muddatli tekshirish olib borilib, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo'yicha “HI TECH TOWER” MChJ rahbariga bajarilishi majburiy bo'lgan yozma ko'rsatma berilgan hamda tashkilot rahbari MJtKning 99-moddasi 7-bandiga asosan belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, "HI TECH TOWERS" MChJ tomonidan qurilish-montaj ishlarini to'xtatish va o'z hisobidan noqonuniy qurilmani bartaraf etish bo'yicha dalolatnoma shakllantirilgan va qoidabuzarga 15 kun muddat berilgan. Ammo “HI TECH TOWERS” MChJ tomonidan belgilangan muddatda noqonuniy qurilma bartaraf etilmaganligi sababli 2023-yilning 25-mart sanasida tegishli ish hujjatlari bilan chora ko’rish yuzasidan Toshkent shahar Yunusobod tuman hokimligiga xat yuborilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, joriy yilning 6-iyul sanasida hududiy inspeksiya tomonidan ushbu noqonuniy qurilmani majburiy buzdirish yuzasidan sud organlariga da’vo arizasi kiritilganligini ma’lum qilamiz.