O’quv kurslarida qizg’in dars jarayonlari
Ta’kidlab kelayotganimizdek, vazirlik huzurida tashkil etilgan Kompetensiyani rivojlantirish institutida qurilish va uy-joy kommunal sohasi vakillarining malakasi oshirib kelinmoqda.
Soha mutaxassislarini oʻqitish va sertifikatlash jarayonlariga tajribali o’qituvchi-professorlar, amaliyotchilar jalb etilgan.
Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
- shaharsozlik va kommunal xoʻjaligi sohalariga oid tegishli yoʻnalishlarda kadrlarni maqsadli maxsus hamda qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish;
- kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan kompetensiya tasdigʻini olishni xohlovchi jismoniy shaxslarning kasbiy bilim, koʻnikma va mahoratini baholash;
- oʻqitishning zamonaviy shakllari, ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalari asosida nazariy tayyorgarlikning amaliyot bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlashga qaratilgan oʻquv jarayonini tashkil etish;
- talabalar va tinglovchilarning amaliyotini nufuzli mahalliy hamda xorijiy korxona va tashkilotlarda tashkil etish;
- talabalar va tinglovchilarga sohalardagi yangiliklarni, shaharsozlikka oid qonunchilik hamda texnik tartibga solishga oid normativ hujjatlarning mazmun-mohiyatini yetkazish;
- taʼlim va ilmiy jarayonga mahalliy hamda xorijiy mutaxassislarni keng jalb etish, ilgʻor pedagogik tajriba almashish borasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;
- tashkilot va korxonalar buyurtmalari asosida taʼlim xizmatlarini koʻrsatish hamda ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish va boshqalar.
Ta’kidlash lozimki, tegishli dasturlar boʻyicha oʻquv kursini tugatib, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarini muvaffaqiyatli yakunlagan mutaxassislarga maxsus sertifikatlar beriladi.
Eslatib o'tamiz, 2025-yildan boshlab sertifikatga ega boʻlmagan mutaxassislarga yuqori toifali qurilish obyektlari boʻyicha shaharsozlik faoliyati bilan shugʻullanish, shuningdek, koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlariga rahbarlik qilish taqiqlanadi.