"O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish" loyihasining yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Bugun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi, Global Ekologik Jamg‘armasi va Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan "O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish" loyihasining yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda vazirlik va idoralar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, hamkor tijorat banklari vakillari va Energetika vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi mutaxassislari ishtirok etdi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda qurilayotgan uy-joylarning 70 foizdan ortig‘i qishloq joylarga to‘g‘ri keladi. Shunga ko‘ra uy-joy sektoridagi tabiiy resurslarga bo‘lgan talab, ayniqsa, mamlakat aholisining deyarli yarmi yashaydigan qishloq hududlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. UNDP/GEF loyihasi O‘zbekiston hududlarida jadal rivojlanayotgan uy-joy qurilishi sektorini energiya samarador texnologiyalar va qurilish materiallarini moliyalashtirish mexanizmini ishlab chiqishni nazarda tutadi.
Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni asosida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot institutiga bino-inshootlarda energiya samaradorlikni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan bo‘lib, unga ko‘ra 2023-yilning mart oyidan boshlab BMTTD bilan hamkorlikda qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan:
- “Turar joy binolarini energiya tekshiruvini o‘tkazish metodologiyasi” asosida Bino-inshootlarni energiya auditdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi ishlab chiqildi;
- Turar joy binolarida energiya sarfini kamaytirish talablarini kuchaytirish uchun qurilish qoidalari qayta ko‘rib chiqildi;
- Hududlarda quruvchilar, loyiha tashkilotlari hamda bir qator manfaatdor tashkilot xodimlariga energiya samaradorligi bo‘yicha seminar va treninglar tashkillashtirildi;
- O‘zbekistonda deyarli nolga teng energiya iste’moli bo‘lgan birinchi ko‘rgazmali turar-joy binosi qurilishi Nurafshon shahrida yakunlanib, Institut balansiga o‘tkazib berildi.
Shuningdek, hozirda “Energiya tejamkor uy-joy qurilishi bo‘yicha raqamli resurs markazi”ni tashkil qilish hamda institut rasmiy saytiga energomarket.uz platformasini integratsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tadbirda qurilish va kommunal sohadagi ustuvor hisoblangan qurilish resurslari klassifikatorini xalqaro tajriba asosida rivojlantirish va axborot modellashtirish texnologiyalarini keng joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida institutning bir qator vakillari mazkur loyihaning tashkil etishdagi faolligi uchun taqdirlandi.