Ochiq muloqot qizg’in muhokamalarga bilan davom etmoqda
“Qurilish resurslari milliy klassifikatori” platformasi avvalo, loyiha-smeta hujjatlarida narxning sun’iy ravishda ko‘tarilishining oldini oladi. Shuningdek, qurilishda xufiyona iqtisodiyotga shart-sharoitlar yaratilishiga va obyektlarda sifatsiz materiallar hamda ishlardan foydalanishga barham beradi. Qurilish resurslarining batafsil tasniflanishi va shu orqali aniq nom hamda kod bilan nomlanishi esa yetkazib beruvchilar orasida sog‘lom raqobat va shaffoflikni ta’minlaydi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, loyihalash va qurilish jarayonini raqamlashtirishda, qurilishga BIM texnologiyalarini joriy etishda, raqamli boshqaruv tizimlaridan foydalashda resurslarni batafsil tasniflash majburiy talab hisoblanadi. Qurilish materiallariga ishlatilgan xomashyo, uning o‘lchamlari, mexanik xossalaridan kelib chiqib narxlarni shakllantirishda yagona yondashuvni ta’minlaydi. Mazkur platforma turli ishlab chiqaruvchilar va ularning mahsulotlarini bir joyda jamlab, bazada birlashtiradi. Keng auditoriyani ochiq axborot bilan ta’minlaydi. Bu esa ishlab chiqaruvchi va sotuvchilarga potensial mijozlarni jalb qilish va bozorda yanada samarali raqobatlashish imkonini yaratadi.
Mutasaddilar platforma kelgusida yanada takomillashtirilishini qayd etdilar. Buning natijasida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari uchun yirik oldi-sotdi platformasi va MDH davlatlari o‘rtasida eksport-import faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkoni yaratiladi.
Ta’kidlash o‘rinliki, xalqaro tajriba asosida standartlarga mos bo‘lgan nomlarda qurilish resurslari, ularni guruhlarga va bo‘limlarga tasniflagan holda har biri uchun alohida identifikatsiya kodi va nomlanishini nazarda tutuvchi narxlar elektron katalogi shakllantirildi.
Hozirgi kunga qadar mazkur katalogda 1 000 ga yaqin ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi tadbirkorlarning 35 000 ga yaqin mahsulotlari joylashtirilgan. Ular o‘zlarining elektron raqamli imzolari orqali platformaning shaxsiy kabinetida onlayn rejimda ma’lumotlarni qo‘shish, tahrirlash va boyitish imkoniga ega.
Qurilish resurslari milliy klassifikatori Soliq qo‘mitasining 190 mingdan ortiq MXIK kodlari bilan uyg‘unlashtirildi. Endilikda shartnoma va hisob fakturalarni shakllantirishda tadbirkorlar va xaridorlar avvalgidek umumiy nomdagi emas, balki aniq ko‘rsatilgan nomdagi tovar va xizmatlarni ko‘rsatishlari mumkin.
Bu esa o‘z navbatida aldanib qolish yoki tushunmovchilik holatlarining oldini oladi. Hurmatli tadbirkorlar, mazkur platforma Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, Tovar-xomashyo birjasi, O‘zstandart agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Statistika agentligi bilan hamkorlikda ularning ma’lumotlar bazalari bilan integratsiyalashgan holda tashkil etilgan.
Xususan, mahsulotlarning o‘lchov birliklarini belgilashda yoki MXIK kodini tanlash yoki yangi materiallarga yangi kodlar biriktirish bilan bog’liq savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berilmoqda.
Shuningdek, Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti, Soliq qo‘mitasining “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi tadbirkorlar tomonidan berilayotgan takliflarni inobatga olishlari, mazkur mulohazalar asosida tizimni yanada takomillashtirishlarini ta’kidlamoqdalar.