UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Botir Zokirov  Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Arxitektura qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi Davlat agentligi direktori Nurdan Oruntayev bilan uchrashdi

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Botir Zokirov  Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Arxitektura qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi Davlat agentligi direktori Nurdan Oruntayev bilan uchrashdi. Oʻzaro samimiy kechgan muloqotda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki davlat rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtayotgan oliy darajadagi muloqotlar tizimli va faol tus olgani hamkorlikni salmoqli darajada mustahkamlash, yangi oʻsish nuqtalarini aniqlash va amaliy sheriklikni kengaytirishga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi. 

“Biz Oʻzbekistonda qurilish industriyasida erishilayotgan yutuqlarga katta qiziqish bilan qaraymiz”- dedi delegatsiya rahbari. Xususan, qurilishda yashil iqtisodiyot tarmoqlaridan foydalanish, sohaga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq qilish, jumladan, energotejamkor tizimlarni samarali qoʻllash boʻyicha amalga oshirilayotgan tajribani oʻzlashtirish asosiy maqsadimiz, - deyildi muloqotda. 

Shuningdek, uchrashuvda davlatlararo qurilish standartlari va nizomlarini qoʻllash, qurilish sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha ham oʻzaro fikr almashildi. Qirgʻiziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Arxitektura qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi Davlat agentligi direktori Nurdan Oruntayevning taʼkidlashicha, yaqin kunlarda “Bishkek city” loyihasini taqdimot qilish va mazkur loyihaga Oʻzbekiston qurilish kompaniyalarini jalb qilish ham koʻzda tutilgan. Umuman olganda,  Qirgʻiziston Respublikasi qurilish sohasiga oʻzbekistonlik mutaxassislarni jalb qilishga katta qiziqish bilan qaraydi. “Shu bois mahalliy qurilish sohasi vakillarini  Qirgʻizistonga taklif qilish ham rejamizning asosiy maqsadi”, - deya oʻz soʻzida davom etdi delegatsiya rahbari. 

Oʻzaro amaliy muloqot ruhida oʻtgan muzokarada kelgusidagi istiqbolli vazifalarning manzil va muddatlari ham belgilab olindi. Taʼkidlash kerak, tashrif davomida degatsiya aʼzolari  Toshkent shahridagi qurilish obyektlarida ham boʻladilar. Shuningdek,  Toshkent city, Prezident maktablari, Olimpiya shahrchasiga tashrif hamda Turin Politexnika universiteti eksperimental bazasi faoliyati bilan tanishish ham rejalashtirilgan.