“Qurilish loyihalari ijrosini tashkil etish va sohada davlat nazoratining oʻziga xos jihatlari”
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Buxoro va Xorazm viloyatlaridan qurilish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat olib boruvchi mutasaddi xodimlar, Xorazm viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi vakillari, tuman (shahar) prokurorlari yordamchilari, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi inspektorlari, shuningdek, zilzilabardoshlikni o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhlar a’zolari mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.
O‘quv mashg‘ulotlarini Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov ochib berdi. U o‘z nutqida mashg‘ulotlar davomida beriladigan bilimlar nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham foydali bo‘lishi, bu esa ishtirokchilarga real vaziyatlarda samarali ishlash imkonini berishini ta’kidladi.
Kunning birinchi qismida ishtirokchilarga ko‘p kvartirali bino va inshootlarni loyihalashda seysmik xavfsizlik talablariga rioya etish, 12 va undan yuqori qavatli binolarning loyihalarini ilmiy-texnik ekspertizadan o‘tkazish tartibi, bu jarayonlarda prokuror nazoratini tashkil etishdagi muhim jihatlar haqida ma’lumot berildi. Xususan, qurilish obyektlari uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, ularni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Loyiha ofisi” bilan kelishish tartibi hamda mazkur jarayonda bajarilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifa va funksiyalar yuzasidan nazariy tushunchalar berildi.