Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi, shuningdek, yetkazib beruvchi tadbirkorlar uchun “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasini tanishtirish bo‘yicha davra suhbati bo’lib o’tmoqda
Ayni damda vazirlik huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va Global Ekologik Jamg‘arma bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylarini qurishni rivojlantirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi doirasida qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi, shuningdek, yetkazib beruvchi tadbirkorlar uchun “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasini tanishtirish bo‘yicha davra suhbati bo’lib o’tmoqda.
BMTTD “O‘zbekistonda energiya tejamkor qishloq uy-joylarni qurishni rivojlantirishga ko‘maklashish” loyihasi energiya samarador texnologiyalar va qurilish materiallarini kreditlash mexanizmini ishlab chiqish, sinab ko‘rish, keng ko‘lamda ommalashtirish orqali O‘zbekistonda uy-joylar qurilishi sektorini yanada barqaror va past-uglerodli uylarni qurish yo‘liga o‘tkazishga qaratilgan.
Mazkur loyiha energiya tejaydigan qurilish materiallari va “yashil” texnologiyalarini yanada rivojlantirishda ham muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qator farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasi ishlab chiqilgan bo‘lib, 2024-yil 1-iyuldan boshlab obyektlarning smeta qiymati mazkur elektron platforma ma’lumotlari asosida shakllantirilishi belgilangan.
Ushbu platforma qurilish obyektining boshlang‘ich narxini aniqlashda loyiha-smeta hujjatlarini joriy bozor narxlari asosida shakllantirish, shuningdek, narx va sifat mutanosibligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga platforma turli ishlab chiqaruvchilar va ularning mahsulotlarini bir joyda birlashtirib, keng auditoriyaga maksimal axborotni ta’minlashga xizmat qiladi.
Hozirda platforma 35 mingdan ortiq qurilish materiallari uchun ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchilar tomonidan kiritilgan takliflarni qamrab olgan bo’lib, bu o’z navbatida qurilishda narx shakllanuvining yagona yondoshuvini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Davra suhbati davomida yig’ilganlar o’zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga yuzlanmoqdalar.
Muhokamalarga boy tarzda o’tayotgan tadbir barcha yig’ilganlar uchun foydali bo’ldi.