“Qurilish sohasida davlat nazoratini kuchaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar” mavzusida brifing
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi joriy yilning oʻtgan davri mobaynida qariyb 30 mingga yaqin obyektda qurilish-montaj ishlari ustidan 145 mingdan ortiq nazorat tadbirlarini olib bordi. Bunda bajarilishi majburiy boʻlgan 88 600 ta yozma koʻrsatma berildi, 64 mingga yaqin kamchilik bartaraf etilib, 6 300 dan ziyod maʼmuriy ish hujjatlari asosida tegishli jazo choralari qoʻllanildi.
Shaharsozlik norma va qoidalariga zid ravishda qurilgan 338 ta qurilish obyektida qurilish-montaj ishlarini toʻxtatildi. Tegishli hujjatlarsiz oʻzboshimchalik bilan qurilgan 226 ta qurilish obyektini buzish va demontaj qilish boʻyicha sudlarga daʼvo arizalari kiritildi. Qurilish normalarga rioya qilmagan 279 ta obyektda buzdirish ishlari olib borildi.
Qurilish ishtirokchilar tomonidan mualliflik va texnik nazoratini buzganligi uchun 678 ta holatda litsenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish boʻyicha taqdimnomalar kiritildi. 519 ta qurilish obyektida sifatsiz qurilish materiallari va buyumlardan foydalanganligi uchun tegishli organlarga taqdimnoma yuborildi.
Taʼkidlash kerakki, shu yilning 23-sentabr kuni davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan qurilish industriyasi va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishga oid videoselektor yigʻilishida bu boradagi ishlar tahliliy tanqid qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab berilgan edi.
Shundan kelib chiqqan holda endilikda 30 mingga yaqin obyektga 500 nafar nazoratchi nomma-nom biriktiriladi. Har bir obyekt boʻyicha kundalik nazorat ishlari kuchaytiriladi. Aniqlangan xato va kamchiliklarni joyida bartaraf etish maqsadida hududiy inspeksiyalarda quruvchi-operatorlar shtabi tashkil qilinadi. Bu esa inspeksiyalar mansabdor shaxslari hatti harakati hamda qurilish obyektidagi qurilish-montaj ishlarini onlayn nazorat qilish imkonini yaratadi.
Endi nazorat inspektorlari bodikameralar bilan taʼminlanadi. Bundan koʻzlangan maqsad qurilishda davlat nazoratini yanada kuchaytirish, har qanday korrupsiyaviy holatni oʻz vaqtida aniqlash va chek qoʻyishdan iboratdir.
Davlat hisobidan qurilayotgan barcha obyektga toifasiga qarab kamida 2 tadan videokamera oʻrnatiladi. Kuzatuv qurilmasi operatorlar shtabiga maʼlumotlarni onlayn yetkazib turadi. Shu orqali qurilish jarayonlari, buyurtmachining texnik, loyihachining mualliflik, pudratchining ichki nazorat ishlari doimiy davlat nazoratida boʻladi.
Noqonuniy qurilishlar boʻyicha mahalla raislari va jamoatchilik nazorati kuchaytirilmoqda. Bu orqali shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, hududiy inspeksiyalar roʻyxatidan oʻtmasdan oʻzboshimchalik bilan boshlab yuborilgan qurilishlarni oʻz vaqtida toʻxtatish choralari koʻriladi.
Endilikda har bir qurilayotgan obyekt oldida QR kodli pasport boʻlishi shart. Agar bunday turdagi pasport boʻlmasa, qurilish noqonuniy hisoblanadi. Qurilish pasportida qurilishga taalluqli barcha shaharsozlik hujjatlari boʻlishi shart. Yaʼni, qurilishni joylashtirish, loyihani ishlab chiqish, tasdiqlangan loyiha va shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi, hududiy inspeksiyalardan roʻyxatdan oʻtgan vaqti, qurilishning boshlanish va tugallanish davri, qurilishda buyurtmachi, loyihachi va pudratchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi talab qilinadi.
Ushbu choralarni kuchaytirish, qurilishlarni sifatli boʻlishiga, oʻz muddatida topshirilishiga, noqonuniy va pala-partish qurilishlarga chek qoʻyishga, inspeksiya xodimlari tomonidan turli nojoʻya xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.