Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva aholi murojaatlariga asosan poytaxtimizning Chilonzor tumanida bo’ldi
Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva aholi murojaatlariga asosan poytaxtimizning Chilonzor tumanida bo’ldi.
Tumanning 10-mavzesi 16-son ko’p qavatli uylarning birinchi qavatida joylashgan tadbirkorlar va mazkur ko’p qavatli uylarga xizmat ko’rsatuvchi “Yashil makon” boshqaruv servis kompaniyasi o’rtasidagi mojaro sabablari ko’rib chiqildi. Tadbirkorlar boshqaruv organiga foydalanayotgan obyekti uchun pul to’lashdan bosh tortayotgani nizo kelib chiqishiga sabab bo’lgan. Vazir o’rinbosari tadbirkorlarga tegishli tartibda pul to’lashi lozimligini, mazkur mablag’lar boshqaruv organi tomonidan ko’p qavatli uyni saqlash uchun maqsadli sarflanishini tushuntirib o’tdi.
Shuningdek, kompaniyaning hududlarni obonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish, sug’orish tizimi yuzasidan amalga oshirayotgan ishlari sust ekanligi tanqid qilindi.
-Biz boshlagan yo’l murakkab, ammo, bu talablarni bajarmasdan turib aholi ishonchiga kirishning imkoni yo’q. Aholi o’zgarishni har jabhada, u xoh uyning ichi bo’lsin yoki tutash hududlar - barchasi har tomonlama qulay bo’lishi kerak,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
Ozoda Jo’rayeva ko’p qavatli uylarning yerto’la va kirish yo’laklarida amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlarini ham ko’zdan kechirdi. Undagi mavjud kamchiliklarni oldini olish va o’z vaqtida bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
To’lovdan qochish yechim emas, aholi ham o’z majburiyatini his qiladigan vaqt keldi!
Boshqaruv organi qachon sifatli xizmat ko’rsatadi? Qachonki mehnatiga yarasha haq olsa. Bugun aksariyat mulkdorlar yillar davomida to’lanmagan majburiy badalni undirish bo’yicha sud qarorini qo’lga olgandan keyin hushyor tortmoqda. Kimdir majburiyatini bajarishga intilsa, kimdir “aravani quruq olib qochish”ga urinmoqda. Ammo, qonun hamma uchun bir!
Vazir o’rinbosari aholi murojaati asosida yana bir manzilda bo’ldi. Chilonzor tumani 20-a mavzesi 3-uy. Mazkur uyga “Komfort universal trade” BSK tomonidan xizmat ko’rsatiladi.
O’rganishlar davomida kompaniya faoliyatidan norozi bo’lgan aholi murojaatlari o’z tasdig’ini topmadi. Boisi uydagi debitor qarzdorlik juda katta. Aholi bir necha yildan buyon kompaniyaga pul to’lamay kelgan. Shunday bo’lsa-da, kompaniya tomonida uyga texnik xizmat ko’rsatilib, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilgan.
- Uyning texnik holatini yaxshi saqlashdan, eng avvalo mulkdorlar manfaatdor. O’z majburiyatimizni bajarmay turib, kimningdir faoliyatiga yomon baho berishga hech birimiz haqli emasmiz. Majburiy badallarni o’z vaqtida to’lash orqali siz o’z yashab turgan uyingizni saqlashga yordam berasiz,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
So’ngra kompaniya faoliyati, u xizmat ko’rsatayotgan bino ko’zdan kechirildi. Binodagi tartib to’g’ri yo’lga qo’yilmagani keskin tanqid ostiga olindi.
- Ish samaradorligining asosiy negizi - tartibda. Ayniqsa, bizning sohada tizimli ish tashkil etilmasa, yaxshi natijaga erishib bo’lmaydi. Ozodalik, saranjomlik sizning ostonangizdan boshlanishi kerak, - dedi vazir o’rinbosari.
Kompaniyaga ish samaradorligini oshirish hamda debitor qarzdorliklarni undirish bo’yicha targ’ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.