Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva boshchiligidagi mas’ullar ayni yo’nalishda O’zbekiston mahallalari uyushmasi bilan hamkorlikda yig’ilish o’tkazdilar
Mahallalar obodligini ta’minlash, ularni saqlash va obodonlashtirish bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishning yangi mexanizmlarini joriy qilish, aholi va kommunal xizmat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yo’nalishlarida so’nggi vaqtlarda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, mahallalarda, eksperiment tariqasida, xususiy sektor ishtirokida mahalla obodligini ta’minlash bo‘yicha tubdan yangi tizim joriy etilmoqda.
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva boshchiligidagi mas’ullar ayni yo’nalishda O’zbekiston mahallalari uyushmasi bilan hamkorlikda yig’ilish o’tkazdilar.
Unda mahallalarning obodligini ta’minlash, ularga kommunal xizmat ko’rsatish maqsadida MSK (mahalla servis kompaniyalari) ni tashkil etishning istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur ishlarni amalga oshirishning imkoniyatlari ko’rib chiqildi.
Xususan, sohaga tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, ularga o’z faoliyatini boshlashda ko’maklashish maqsadida daxldor tashkilotlar mas’uliyatini oshirish lozimligi ta’kidlandi.
- Zamon rivojlangani sari aholining turmush sharoitini yaxshilash, kommunal xizmat ko’rsatishga bo’lgan talab tobora ortib bormoqda. Shu ma’noda bugun kommunal xizmat ko’rsatish tizimini mahallalarga ham joriy etish nazarda tutilmoqda. O’ylaymizki, bu islohotlarimiz avvalo xalqimiz uchun manfaatli bo’ladi,-dedi Ozoda Jo’rayeva.
Yig’ilishda mahallalar obodligini ta’minlash yo’lidagi kelgusi vazifalar muhokama qilinib, asosiy yo’nalishlarni rivojlantirish lozimligi qayd etildi.