Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Kompetensiyani rivojlantirish institutida kurs tinglovchilari uchun ma’ruza o‘tkazdi
Ta’kidlab kelayotganimizdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kompetensiyani rivojlantirish institutida respublikada faoliyat yurituvchi ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatib kelayotgan boshqaruv servis kompaniyalari rahbarlarining malakasi oshirilmoqda.
Mazkur sertifikatlash o‘quv kursida sohadagi islohotlar, qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati, aholi bilan ishlash madaniyatiga oid yo‘nalishlarda amaliy va nazariy darslar o‘tkazilib kelinmoqda.
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva kurs tinglovchilari uchun sohadagi yangiliklar, qonunchilik hujjatlari bilan boshqaruv tashkilotlariga berilayotgan qator imtiyoz va imkoniyatlar, shuningdek, ular oldiga qoʻyilayotgan talablar xususida ma’ruza o‘tkazdi.
Vazir o‘rinbosari o‘zining sohadagi ko‘p yillik tajribasi, ish samaradorligini oshirishda oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan koʻnikmalar haqida boshqaruv tashkilotlari rahbarlariga atroflicha tushunchalar berib ótdi.
- Ishimizning mas’uliyatli tomoni shundaki, biz bevosita aholining yaxshi turmush sharoitiga javobgarmiz. Bu esa tun-u kun ogohlik, katta mehnat va yuksak daxldorlik tushunchalari bilan bog‘liq. Ya’ni mulkdorlarimiz xonadonidagi har bir muammo bizning muammoimizga aylanishi shart,- dedi Ozoda Jo‘rayeva.
O‘zaro samimiy ruhda kechgan dars jarayonida vazir o‘rinbosari tinglovchilarning bir necha savollariga batafsil javob berib ótdi.
Muhim eslatma!
2025-yilning 1-yanvaridan boshlab sertifikatga ega bo‘lmagan jismoniy shaxslarga ko‘p kvartirali uylarning boshqaruv organlariga rahbarlik qilish taqiqlanadi.