Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov xizmat safari bilan Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdi
Avval xabar berganimizdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov xizmat safari bilan Farg‘ona viloyatida bo‘lib turibdi.
Tashrif davomida u Dang‘ara tumanida amalga oshirilayotgan bir qator infratuzilma loyihalari va ijtimoiy yo‘nalishdagi ishlar bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, Prezidentimizning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida belgilab bergan vazifalari ijrosi o‘rganildi.
Mazkur dasturga muvofiq og‘ir hudud sanalgan "Targ‘ova" mahallasida ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirilmoqda. Bu choralar hududda suvdan foydalanish samaradorligini oshirib, aholining daromad topish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Toir Alimatov amalga oshirilayotgan qurilish-montaj ishlarini joyida ko‘zdan kechirdi va ularning sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga aniq vazifalarni belgilab berdi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar holidan ham xabar oldi. Xususan, "Katta Boybacha" mahallasining "Zargarlar" ko‘chasida yashovchi II guruh nogironi H.Mo’minov va "Taypoq" mahallasida istiqomat qiluvchi I guruh nogironi N.Hamidovaning xonadonida bo‘lib, ularning yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.