Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov Koreya markazlashgan issiqlik ta’minoti korporatsiyasi Bosh direktori Djong Yong Gi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov Koreya markazlashgan issiqlik ta’minoti korporatsiyasi (KDHC) Bosh direktori Djong Yong Gi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga oliy darajadagi tashrifi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi strategik hamkorlik barcha sohalardagi singari issiqlik ta’minoti yo‘nalishida ham mustahkamlanib borayotganligini e’tirof etdilar.
Tadbirda mamlakatimizdagi markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini Koreya tajribasi asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha vazirlik va KDHC o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati, bugungi holati va kelajakda rejalashtirilgan vazifalar muhokama qilindi. Shuningdek, issiqlik sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish va korporatsiya xodimlarining maslahat xizmatlarini mamlakatimizga jalb qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
- Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda issiqlik ta’minoti tizimini to‘liq modernizatsiya qilish, barqaror va ekologik toza kelajak sari ildam qadamlar qo‘yilmoqda. Biz o‘zaro hamkorlik orqali Koreyaning markaziy isitish tizimidagi muvaffaqiyatli amaliyotlari borasida so‘nggi yangiliklarni o‘rgandik, me’yoriy-huquqiy bazalar bilan yaqindan tanishib, hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini belgilab oldik. Shu bois to‘la ishonch bilan aytamanki, markazlashgan issiqlik ta’minoti sohasida tashkilotlarimiz o‘rtasida fikr, tajriba va bilim almashish yo‘nalishida hamkorlikni yanada kuchaytiramiz, - dedi Sh.Hidoyatov
Uchrashuv yakunida tomonlar markazlashgan issiqlik ta’minoti sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama anglashuv memorandumini imzoladilar.
Mazkur memorandum markazlashgan issiqlik ta’minoti va kogeneratsiya sohasida normativ bazani takomillashtirish, qozonxonalarni soz saqlashda texnik xizmat ko‘rsatish va ikki tomonlama inson resurslari almashinuvi yo‘nalishlarida ishlarni birgalikda tashkillashtirishni maqsad qilgan. Bunda mazkur ishlar uchun KDHC Koreya hukumati mablag‘larini jalb qilishda vazirlikka ko‘maklashadi.
Ma’lumot uchun: Koreya issiqlik ta’minoti korporatsiyasi energiyani boshqarish bo‘yicha dunyoda, xususan, markazlashgan issiqlik ta’minoti sohasida xalqaro darajadagi tashkilotdir. Ushbu kompaniyaning keng tajribasi, texnologik yutuqlari va ilg‘or yechimlari jahon miqyosida e’tirofga sazovor bo‘lgan.