UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi

Yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida "Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi" DMning navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida "Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi" DMning navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Tanqidiy-tahliliy ruhdagi videoselektor yig'ilishi Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi faoliyati yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan o'tkazilgan rejali tekshiruvida aniqlangan kamchiliklar va qonun buzilishi holatlari bo'yicha kiritilgan taqdimnoma muhokamasiga bag'ishlandi. 

Unda Bosh prokuratura prokurori M.Mullajonov, Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi direktori M.Inoyatov, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining mas'ullari, markazning hududiy boshqarmalari boshliqlari hamda xodimlari, shuningdek, markaziy apparat ekspertlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

Yig'ilish avallida prokuror tomonidan tekshirishlar davomida loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o'tkazish, xodimlarning ijro imtizomi, murojaatlar bilan ishlash tartibi, muassasaning moliyaviy-xo'jalik faoliyati, sohani raqamlashtirish holatiga oid aniqlangan kamchiliklar o'qib eshittirildi.

Yig'ilishda ma'lum qilinganidek, 2022-2024 yillarning o‘tgan davrida muassasaga jami 106,3 mingta loyiha-smeta hujjatlar ekspertiza xulosasi olish uchun kelib tushgan bo‘lib, shundan 73,6 mingtasiga ekspertiza xulosalari berilgan.
 
Tekshiruvlar davomida loyihalarni ekspertiza ko‘rigidan o‘tkazishda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 579-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablarini buzish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan. Xususan,

  • buyurtmachilar tomonidan “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi “Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish” platformasi orqali yuborilgan loyiha hujjatlarining loyiha topshiriqlari 22 ta holatda to‘liq rasmiylashtirilmasdan taqdim etilganligi;
  • 20 ta holatda tizim orqali yuborilgan loyihalarga ilova qilinadigan hujjatlar o‘rnatilgan tartibga muvofiq o‘z o‘rniga yuklanmaganligi;
  • Nizomga asosan ekspertlar tomonidan loyihalarni o‘rganish muddati 30 kun qilib belgilangan bo‘lsada, muassasaning markaziy apparati tomonidan 2022-yilda 25 ta hamda 2023-yilda 20 ta xulosani buyurtmachiga taqdim etish jarayonlariga 30 kundan ortiq vaqt sarflanganligi;
  • ko‘p qavatli turar-joy binolari qurish bo‘yicha taqdim etilgan Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining xulosalarida qavatlar soni ko‘rsatilmagan, bolalar o'yingohlari, avtomobillar saqlash joylari va yashil maydonlar bo‘yicha talablar bajarilmagan bo‘lsada, muassasa tomonidan 22 ta obyektlarga ijobiy ekspertiza xulosalari taqdim etilganligi singari holatlar shular sirasidan.


O‘rganilayotgan davrda muassasaga 523 nafar (shundan 2022-yilda 216 nafar, 2023-yilda 307 nafar) jismoniy va yuridik shaxslarning qabuli tashkil etilgan, shundan 509 nafar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari qanoatlantirilgan.

Tadbir davomida "Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish Respublika markazi" DM direktori tomonidan mehnat faoliyati davomida qo'pol kamchiliklarga yo'l qo'ygan mutaxassislarga qat'iy choralar ko'rilganligi ta'kidlandi. Xususan, Bosh prokuratura tomonidan o‘z vakolat vazifalariga sovuqqonlik bilan yondoshgan muassasa ekspert mutaxassislarining 6 nafari intizomiy javobgarlikka, markazning xarid komissiyasi raisi ma'muriy javobgarlikka tortilgan. 

Shuningdek, yig‘ilish davomida xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganligi hamda o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondoshganligi sababli 1 nafardan rahbar, ekspert va mutaxassislar egallab turgan lavozimidan ozod etish, 2 nafarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqish, 5 nafariga intizomiy jazo qo‘llash hamda 5 nafariga ogohlantirish berish masalasi ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga yig'ilish davomida sohada aniqlangan tizimli kamchiliklar va muammolar ham tilga olindi. Jumladan, 

  • ekspertiza ko‘rigiga taqdim etilayotgan loyiha-smeta hujjatlarning ayrim loyihaoldi hujjatlari to‘liq raqamlashmaganligi hamda “Shaffof qurilish” MATdagi http://new-ekspertiza.mc.uz elektron platformasiga integratsiya qilinmaganligi natijasida platformaga yuklanayotgan hujjatlarning haqqoniyligini o‘rganish imkoniyati cheklangan;
  • loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadigan loyiha topshirig‘i raqamlashtirilmaganligi sababli obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal ta'mirlash jarayonlarida loyiha hujjatlariga qayta-qayta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish holatlari ko‘payib bormoqda. 

Shuningdek, aksariyat hollarda buyurtmachi tashkilotlar tomonidan loyiha topshirig‘ini ishlab chiqishni, loyihaoldi hujjatlarini tayyorlashni va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishni to‘liq loyiha tashkilotiga yuklab qo‘ymoqda. Bu o‘z navbatida budjet mablag‘laridan samarasiz foydalanishga olib kelmoqda.

Sohada mavjud tizimli nuqsonlar ochiqlangach, tizimning samarali faoliyatiga oid taklif va mulohazalar tinglandi. Yo'l qo'yilayotgan xato va kamchiliklarni tuzatish, faoliyatda manfaatlar to'qnashuviga uzil-kesil chek qo'yish yuzasidan ko'rsatma hamda topshiriqlar berildi.