Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida budjet mablagʻlarini maqsadli va samarali ishlatilishi boʻyicha amalga oshiriladigan vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilish oʻtkazildi
Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligida budjet mablagʻlarini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazorat tizimini oʻrnatish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha amalga oshiriladigan vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Botir Zokirov olib bordi.
Tadbirda Hisob palatasi, Bosh prokuratura hamda vazirlik masʼullari, hududiy qurilish va uy-joy kommunal bosh boshqarmalari boshliqlari, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari rahbarlari, texnikum va kollejlar direktor hamda hisobchilari ishtirok etdi.
Yigʻilishda shu yilning 16-yanvar kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarga asosiy eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Iqtisodiyot va Moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining 2024-yil 12-fevralda budjet mablagʻlarini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazorat tizimini oʻrnatishga oid qoʻshma qarori qabul qilingan.
Vazirlikda budjet mablagʻlarini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazoratni olib borish boʻyicha Ishchi guruhi tarkibi, amalga oshiriladigan ishlar tartibi va Yoʻl xaritasi tasdiqlanganligi aytib oʻtildi. Shuningdek, qoʻshma qaror ijrosini taʼminlash maqsadida vazir oʻrinbosarlarining hududlarga biriktirilgani ham alohida qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi hamda Bosh prokuratura mas'ullari tomonidan budjet mablagʻlarini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazorat tizimini tashkil qilishga oid fikrlar ham tinglandi.
Shuningdek, budjet mablagʻlarini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan masofaviy tarzda monitoring va nazoratni olib borish boʻyicha vazirlikda Situatsion markaz tashkil etilganligi va u orqali barcha jarayonlarni onlayn masofadan turib, nazorat qilish imkoni mavjudligi ham taʼkilandi. Yigʻilish soʻnggida kelgusidagi istiqbolli vazifalar ham belgilab olindi.