Respublikadagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasida faoliyat olib borayotgan boshqaruv organlari uchun seminar-trening start oldi
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 10-iyun kuni energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda energetika sohasi obyektlarini kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan asosiy vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida respublikadagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasida faoliyat olib borayotgan boshqaruv organlari uchun seminar-trening tashkil etildi.
“Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, tizimda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarga optimal yechim berish maqsadida hurmatli yurtboshimizning “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni yanada samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ta’kidlash lozimki, ushbu qaror bilan boshqaruv organlariga qator imtiyoz va imkoniyatlar berilibgina qolmay, ularning muammolariga huquqiy yechim berildi. Majburiy badallarning eng kam miqdori belgilandi, chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari tizimlashtirildi. Majburiy badaldan qarzdorlikni elektr energiyasiga integratsiya qilish ishlari boshlandi. Bularning barchasi sizning faoliyatingizda uchrayotgan muammolar edi va biz ushbu loyihani tayyorlashda har biringizning fikringizni inobatga olishga harakat qildik.
Sohada sekin-asta raqobat muhiti shakllanayotgani bizni juda quvontiradi. Chunki islohotlarimiz boshidagi maqsadimiz ham shu edi. Ochiqlikni ta’minlash va raqobatbardoshlilikka erishish. Bugun astoydil mehnat qilgan, biz qo‘ygan talablarga javob berayotgan, muhimi faoliyatiga zamonaviy yechimlarni jalb etayotgan boshqaruv organlari borki, rivojlanib bormoqda”, - dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Tadbirda respublikadagi ko‘p kvartirali uylarda yashovchi aholining yashash sharoitlari oldingi yillarga qaraganda ancha yaxshilangani alohida ta’kidlandi, galdagi reja va vazifalar hamda sohadagi raqamlar haqida so‘z yuritildi.
Ta’kidlanganidek, 2023-yil 1-may holatiga respublikada 265 ta “yaxshi”, 415 ta “o‘rta” va 133 ta“og‘ir” boshqaruv servis kompaniyalari mavjud edi. Bugungi kunga kelib esa “yaxshi” toifadagi BSKlar soni 369 taga yetkazilgan. “O‘rta” toifadagi BSKlar380 taga va “og‘ir” toifadagi BSKlar 72 taga kamaytirilishiga erishilgan. 2024-yil yakuniga qadar“og‘ir” toifadagi BSKlarning barchasi “o‘rta” toifaga o‘tkazish hamda “yaxshi” toifadagi BSKlar sonini 500taga yetkazish rejalashtirilgan.
Tadbirda, shuningdek, Nukus, Jizzax, Qarshi, Termiz shaharlarida namunali boshqaruv servis kompaniyalari tashkil etilgani ta’kidlandi.
2023-yil 1-yanvar holatiga BSKlarning namunaviy binolari soni 52 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelibularning soni 105 taga yetdi. Yil yakuniga qadar yana27 ta namunaviy binolar foydalanishga topshiriladi. Boshqaruv organlarining debitor qarzdorliklarini kamaytirish yo‘lida ham qator natijalarga erishildi.
Ya’ni 2022-yilda tushum 41 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda 66 foizga yetgan.
2024-yil yanvar-may oyidagi BSK tushumlari 95 foizni tashkil qilmoqda. Boshqaruv organlari tushumlarining ortishi natijasida, uylarni ta’mirlash bo‘yicha dasturlar qayta ko‘rib chiqildi hamda avval rejalashtirilgan 1 685 ta uy o‘rniga 5 493 ta uyni ta’mirlash belgilab olindi. Hozirgi kunda tushgan mablag‘lar hisobidan 2 100tadan ortiq uylar ta’mirlandi.
Joriy yilda uylarning kirish yo‘laklariga kamida 50 mingta energiya tejovchi chiroqlar o‘rnatish orqali iste’mol hajmini 30 foizgacha qisqartirish rejalashtirilgan.
BSKlarning moliyaviy ahvoli yaxshilanishi va qo‘shimcha ish hajmining ortishi natijasida o‘tgan 5 oyda 701 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Sentabr oyiga qadar ushbu ko‘rsatkichni 1 000 taga yetkazish belgilangan.
2023-yilda respublikada 3 mingga yaqin uylarning tom va yerto‘lasi ta’mirlandi. Birgina Toshkentda 2 080 ta uyning ichki tarmoqlari to‘liq almashtirildi. Natijada 2023-yilda aholidan tom va yerto‘la bo‘yicha tushayotgan murojaatlar soni 2 barobarga kamaygan.
Tadbirda Toshkent shahri prokurori oʻrinbosari Habibulla Mirsoatov ham so’zga chiqib, uy-joy kommunal xizmat ko’rsatish sohasidagi qator islohotlar, ularning xalq hayotidagi ahamiyati, galdagi vazifalar va boshqaruv organlari e’tibor berishi lozim bo’lgan jihatlarga to’xtaldi.
- Kuni kecha davlatimiz rahbari ishtirokida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda bizning oldimizga ham qator, muhim vazifalar qo‘yildi.
Birinchi navbatda ko‘p kvartirali uylarda energosamaradorlikni oshirish ishlariga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Energiya iqtisodiga erishishda sohaga zamonaviy, tejamkor texnologiyalarni jalb etish bugun davr talabi.
Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, bugun boshqaruv kompaniyalari aholi va kommunal tashkilot o‘rtasida “ko‘prik” bo‘lishi kerak. Ya’ni aholi murojaatlari bilan ishlashning zamonaviy mexanizmi zarur. Bu borada bu yilgi asosiy vazifalarimizdan biri raqamlashtirish ishlarini yanada jadallashtirish.
Davlatimiz rahbarining sohaga qaratilgan yuksak e’tibori asnosida 2023-yil kuz-qish mavsumida aholi murojaatlari sezilarli darajada kamaydi. Bu yilgi tayyorgarlik jarayonlariga ham hurmatli yurtboshimiz tomonidan qo‘shimcha mablag‘lar ajratildi.
Biz ushbu imkoniyat va e’tibor mas’uliyatini chuqur anglagan holda o‘z vazifamizga vijdonan yondoshishimiz kerak. Shundagina islohotlarimiz xalq manfaatiga xizmat qiladi,- dedi H.Mirsoatov.
Tadbir poytaxtimizda samarali mehnat qilayotgan “Classik building”boshqaruv servis kompaniyasi rahbari Shavkat Sarimsoqovning taqdimoti bilan davom etmoqda.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha mutaxassislardan javob olmoqdalar.