“Shaharsozlik sohasida YEVROKODlar joriy etilishi ” mavzusida brifing
DIQQAT! DIQQAT!
Ayni daqiqalarda AOKAda “Shaharsozlik sohasida YEVROKODlar joriy etilishi ” mavzusida brifing bo‘lib o‘tmoqda. Unda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzuridagi ilmiy tadqiqot instituti boshqarma boshligʻi Azizbek Nurmirzayev ishtirok etmoqda.
Mamlakatimiz qurilish sohasiga Yevrokodlar joriy qilinadi. Xoʻsh, Yevrokodlar oʻzi nima? Yevrokodlar - bu Yevropa Ittifoqidagi qurilish inshootlarini konstruktiv loyihalash boʻyicha Yevropa Kengashi tomonidan ishlab chiqilgan norma va standartlar toʻplami hisoblanadi.
Gap shundaki, Oʻzbekistonda qurilish industriyasi raqobatbardoshligi va eksportbopligini oshirish, mahalliy va xalqaro investorlarni keng jalb qilish hamda ularning faoliyatiga toʻsiq boʻluvchi omillarni bartaraf etish, shuningdek, Jahon savdo tashkiloti (JST) ga aʼzo boʻlish boʻyicha davlat siyosati va mamlakat manfaatlarini himoya qilishda Yevrokodlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Yevrokodlar parametrik meʼyorlash xarakteridagi hujjat boʻlib, toʻgʻridan-toʻgʻri foydalanish emas balki har bir mamlakatning oʻziga xos xususiyatlari, yaʼni geologik, tabiiy-iqlimiy, seysmologik va boshqa omillarni hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.
Yevrokodlarni milliy normativlar qatorida asosiy emas, balki Shaharsozlik normalari va qoidalarining muqobili sifatida qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Yanayam aniqroq aytadigan boʻlsak, milliy normativlarimiz mustaqilligi va xalqaro normalarga uygʻunlashtirish saqlab qolinadi.
Yevrokodlarni tadbiq qilishda birinchi navbatda amaldagi normativ hujjatlar talablarini inkor qilmaydigan yoki ularga zid boʻlmagan alohida kiritiladigan 1400 dan ortiq parametrik koʻrinishidagi milliy ilovalar ishlab chiqiladi.
Xoʻsh Yevrokodlarning afzalliklari qanday omillarda koʻzga tashlanadi? Avvalo, raqobatbardoshlik uchun shaffof asos yaratiladi, qurilish mahsulotlarining ichki bozorini toʻldirishga erishiladi. Qolaversa, BIM dasturlarini Oʻzbekiston sharoitida toʻliq qoʻllash imkoni paydo boʻladi. Ishlab chiqarish va sotish tannarxini kamaytirish orqali qoʻshimcha qiymatni taʼminlashga erishiladi.
Shu oʻrinda bundan kutilayotgan natija haqida mulohaza qilsak! Oʻzbekistonda bino va inshootlar konstruksiyalarining xavfsizligi va ishonchliligi, ularning seysmik chidamliligi, yongʻin xavfsizligi va energiya samaradorligini taʼminlash uchun zarur talablarga javob beradigan umumiy mezon va loyihalash usullarini taʼminlash pirovard maqsad qilingan.
Shuningdek, mulk egalari, buyurtmachilar, loyihachilar, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar, pudratchilar va ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar oʻrtasida konstruktiv loyihalash jarayoni haqida umumiy tushuncha taʼminlanadi.
Yevrokodlarni joriy qilishda, shuningdek, ishtirokchi davlatlar oʻrtasida qurilish sohasida xizmatlar almashinuviga hamda qurilish materiallari va elementlari marketingini tashkil qilish va ulardan foydalanishga koʻmaklashish imkoni vujudga keladi. Qurilish sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalar uchun yagona asos yaratiladi. Loyihalash va dasturiy taʼminot boʻyicha umumiy qoʻllanmalar tayyorlanib, mahalliy qurilish pudrat tashkilotlari, qurilish materiallari va konstruksiyalar ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, loyihachilarning jahon bozoriga chiqarish va raqobatbardoshligini oshirishga erishiladi.|
Yevrokodlarni Respublikamizda implementatsiya qilishda bir qator ishlarni bajarish rejalashtirilgan! Jumladan, Yevrokodlardagi har bir talabni milliy shaharsozlik normalari bilan solishtirgan holda eng maqbul talabni qabul qilish va uygʻunlashtirish, belgilangan tartibda milliy ilovalarni ishlab chiqish, Yevrokodlarni amalda qabul qilgan, oʻzining milliy ilovalarini ishlab chiqib, amalda tadbiq qilgan xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish, parallel ravishda kadrlarni oʻqitish va salohiyatini oshirish kabi istiqbolli rejalar ishlab chiqildi. Qurilish materiallari va konstruksiyalar ishlab chiqarish sanoatini Yevrokodlarga moslashtirish va zamonaviy sinov laboratoriyalari bilan jihozlash hamda sifat menedjmentini yoʻlga qoʻyish ham koʻzda tutilmoqda.
Yevrokodlarda keltirilgan standartlar ham birlamchi masala! Shu bois Yevrokodlar sinov laboratoriyalari, standartlashtirish tizimlari va uslublari, qurilish materiallari sanoati, sifat menejmenti, kadrlar salohiyati va boshqa zarur infratuzilma bilan integrallashgan holda rivojlantirib boriladi. Shunga koʻra qabul qilinishi rejalashtirilayotgan har bir Yevrokodni qabul qilishda uning toʻliq amaliyotga joriy etilishini taʼminlovchi 100 dan ortiq xalqaro va Yevropa standartlari qabul qilinadi. Bundan tashqari Yevrokodlarni hamda unda keltirilgan standartlarni Respublikamizda qabul qilish orqali qurilish materiallari va buyumlari uchun Yevropa sertifikatlarini olish xarajatlari qisqaradi, Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga javob beruvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularning Yevropa bozorlariga erkin kirib borishiga imkon yaratiladi.