Sirdaryo viloyatida mavjud ko'p qavatli uylarga xizmat ko'rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalari uchun yig'ilish o'tkazildi
Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig'i o'rinbosari Azlarjon Sodiqov boshchiligida Sirdaryo viloyatida mavjud ko'p qavatli uylarga xizmat ko'rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalari uchun yig'ilish o'tkazildi.
Unda dastlab boshqaruv organlari rahbarlarining muammolari va takliflari tinglandi. Shuningdek, lift qurilmalarini nazoratdan o'tkazish va sertifikatlash, elektr energiya masalasi, tutash hududlarni belgilash hamda majburiy badal to'lovlari yuzasidan takliflar aytib o'tildi.
Yig'ilish davomida ko'p qavatli uylarning hududlari tadbirkorlar tomonidan auksion savdolari orqali egallab olinayotgani va sohaga oid tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari yuzasidan mas'ullarga tushuntirish berildi.
Qolaversa, ko'p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash jarayonlarini jadallashtirish va aholidan yig'iladigan majburiy badal to'lovlari hisobidan boshqaruv organlari tomonidan samarali xizmat ko'rsatish hamda uylarni ta'mirlash ishlarini sifatli bajarish lozimligi ta'kidlab o'tildi.
Xususan, A.Sodiqov boshqaruv kompaniyalarining quyosh panellari bilan ishlash holatini yanada yaxshilash borasida xodimlar malakasini oshirish va bu bo‘yicha o'quv seminarlarini tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berdi.