Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi (MUNOSABAT)
Repost.uz saytida koʻrsatib oʻtilgan holat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan oʻrganildi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu holat Shayxontohur tumani Labzak koʻchasi 15A-uy manzilida joylashgan va "MUSTAHKAM QURILISH BIZNES” MCHJ tomonidan qurilayotgan koʻp qavatli obyektda sodir boʻlgan. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu obyekt nazorat inspeksiyasidan roʻyxatdan oʻtmagan.
Qurilish masʼullariga bu boradagi normativ huquqiy hujjatlar, xususan, hukumatning tegishli qarorlari tushuntirilgan. Biroq shunga qaramasdan qurilish ishlari davom ettirilmoqda.
Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 99-moddasi tegishli bandiga asosan hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan “MUSTAHKAM QURILISH BIZNES” MCHJ QK maʼsul rahbariga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllanilgan.
Xususan,Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 579-sonli qaroriga koʻra shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi, yaʼni bino inshootning zilzilabardoshligi hamda energiya samaradorligi koʻrsatkichlari, yongʻin xavfsizligi nuqtai nazaridan majburiy ekspertizadan oʻtkazilishi lozim boʻlsa-da, ishchi loyiha hujjatlari ekspertiza koʻrigidan oʻtkazilmagan.
Shu bois qator qoidabuzarliklardan soʻng Shayxontohur tuman prokuraturasiga 2023-yil 22-fevralda xat yuborilgan.
Hozirgi kunda ham inspeksiya tomonidan “Mustahkam qurilish biznes" MCHJ QKga nisbatan Toshkent shahar tumanlararo Iqtisodiy sudiga qurilish ishlarini toʻxtatish va buzdirish yuzasidan daʼvo arizasi kiritilgan.