UZ
RU
O'zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy
kommunal xo'jaligi vazirligi
Ishonch telefoni
1298
Elektron manzil
info@mc.uz
Sayt xaritasi
Vazirga murojaat

Yangiliklar

“Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Prezident farmonidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar mavzusida brifing

Uy-joy va ipoteka bozori yanada rivojlantiriladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonga koʻra 2025-yilda aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturining asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi.

Xususan, joriy yilda hududlarda jami 8,1 million kvadrat metrdan iborat boʻlgan 135 ming kvartirali uy-joylarni quriladi. Jumladan:
- “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida – 28 ming 219 xonadonli;
- renovatsiya hududlarida – 20 ming xonadonli;
- “Yangi Toshkent” hududida – 15 ming xonadonli;
- uy-joyga talab yuqori boshqa hududlarda – 71 ming 781 xonadonli uylar barpo etish belgilandi.

Shuningdek, uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan taʼminlash uchun 20,9 trillion soʻm miqdoridagi ipoteka kreditlarini ajratilmoqda. Koʻp kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash uchun davlat budjetidan 700 milliard soʻm hamda tijorat banklarining oʻz mablagʻlari hisobidan 3,0 trillion soʻm miqdoridagi mablagʻlarni yoʻnaltirish maqsad qilingan. Ushbu qurilish tashkilotlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 12 oylik imtiyozli davr bilan 24 oy muddatga Markaziy bankning asosiy stavkasidan koʻpi bilan 2 foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.

2025-yil 1-martdan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq tanlanadi.

 


Farmon muvofiq 2025-yil 1-maydan boshlab “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini barpo etish doirasida yer uchastkalarini koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish boʻyicha auksion savdolarida qatnashish, koʻp kvartirali uy-joylarni qurish va ularni realizatsiya qilishga faqat qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchi yuridik shaxslarga ruxsat etiladi.

Yer uchastkalarini koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun ijaraga berish boʻyicha auksion savdolari ofertasida loyiha oldi hujjatlari tayyorlashga 15 kunlik, loyiha ishlarini bajarishga 2 oylik, qurilish ishlarini boshlashga esa 3 oylik muddat belgilanadi, shuningdek, unda qurilishni yakunlash va obyektni foydalanishga qabul qilish muddatlari koʻrsatib oʻtiladi. Auksion savdolarida yer uchastkasini koʻp kvartirali uy-joy qurish uchun ijaraga olgan yuridik shaxslar ijaraga olgan paytdan boshlab 12 oy davomida ushbu yer uchastkasi boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi.

Farmonga koʻra 2025-yil 1-maydan qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishga qadar boʻlgan jarayonlar toʻliq onlayn rejimida “Shaffof qurilish” tizimida amalga oshiriladi. Endilikda qurilishi tugallangan koʻp kvartirali uy-joydan foydalanishga ruxsatnoma berishda faqat Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda davlat yongʻin nazorati organlaridan xulosa olinadi.

Yana bir muhim jihat. Endi inspeksiyada roʻyxatdan oʻtgan va u tomonidan nazorat qilinadigan koʻp kvartirali uy-joylarni foydalanishga ruxsatnoma berishdan oldin instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish amaliyoti bekor qilinmoqda.

2025-yil 1-martdan renovatsiya asosida koʻp kvartirali uy-joylarni barpo etishning quyidagi tartibi joriy etiladi. Yaʼni renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan soʻng ruxsat beriladi. Shuningdek, mulkdorlarga, ularning xohishiga koʻra quyidagi kompensatsiya turlaridan biri taqdim etiladi. Buzilayotgan turar joy obyektlari oʻrniga ularning maydonidan kam boʻlmagan yangi quriladigan turar joylardan yashash uchun tayyor holdagi kvartiralarni mulk huquqi asosida berish hamda qurilish davrida koʻchish, jumladan, boshqa turar joy obyektini vaqtinchalik ijaraga olish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻliq qoplash, buzilayotgan obyektining bozor qiymatini toʻliq qoplab berish, qolaversa renovatsiya loyihasi tashabbuskori bilan kelishilgan holda boshqa turdagi kompensatsiyani taqdim etishi ham mumkin boʻladi.

 


Shuningdek, Farmon bilan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga quyidagi muhim topshiriqlar ham yuklandi:

- 2025-yil 1-apreldan boshlab Toshkent shahrida, tajriba tariqasida koʻp kvartirali uy-joylarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish va arxitektura rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqish jarayonlarini birlashtirish hamda buning hisobiga ushbu ishlar uchun talab etiladigan vaqtni 2 baravarga qisqartirish;
- tajriba natijalaridan kelib chiqib, mazkur bandda nazarda tutilgan tartibni 2026-yil 1-yanvardan boshlab respublikaning barcha hududlarida joriy qilish;
- koʻp kvartirali uy-joylarni qurish uchun yer uchastkasini realizatsiya qilishdan boshlab, undan foydalanishga ruxsatnoma berishgacha boʻlgan barcha bosqichlarni qamrab oluvchi raqamli platformani test rejimida ishga tushirish;
- 2025-yil 1-mayga qadar “yashil” standartlar asosida qurilgan uy-joylarni baholash va sertifikatlash tizimini joriy etish.

Umuman olganda, ushbu muhim hujjat odamlarning mulk huquqini himoya qilishni yanada kuchaytirish, uy-joylar bilan taʼminlashni rivojlantirish kabi maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.