Vazir o'rinbosari erta tongdan boshqaruv tashkilotlari faoliyatini o'rgandi
Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva poytaxtimizda faoliyatini olib borayotgan boshqaruv tashkilotlarini ko’zdan kechirdi.
Xususan, Chilonzor tumani 18-mavzeda joylashgan 22 ta ko’p kvartirali uyga xizmat ko’rsatuvchi “Grand gread silk road service” hamda “Esma mehr” boshqaruv kompaniyalarining ish faoliyati tanqidiy ko’rib chiqildi.
Ko’p kvartirali uylarning kirish yo’laklari, yerto’la qismlari, obodonlashtirish hududlaridagi kamchiliklar yuzasidan qat’iy toshiriqlar berildi. Shuningdek, hududda ko’p kvartirali uylarga xizmat ko’rsatish sohasini optimallashtirish, bunda aholining barcha talablariga to’liq javob berish lozimligi ta’kidlandi.
- Ishda son emas, sifat muhim. Bugungi tezkor zamonda biz muammolarga optimal yechim topish choralarini ko’rishimiz kerak. Bunda har tomonlama professional ishchi-xodimlar resursini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
Vazir o'rinbosari ko'p kvartirali uylar atrofidagi tartibsizliklarni tanqid qilar ekan, obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish ishlariga e'tiborni kuchaytirish lozimligini ta'kidladi. Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarida sifat birlamchi bo'lishi shartligi bildirildi.
-Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash yuzasidan aniq, maqsadli vazifalar belgilab berildi. Ta'kidlanganidek, aholining qulay sharoiti hamma narsadan muhim. Biz ushbu mas'uliyatni chuqur his qilishimiz kerak, - deya ta'kidladi vazir o'rinbosari.
O'rganish yakunlariga ko'ra hududdagi 22 ta ko'p qavatli uyga xizmat ko'rsatuvchi boshqaruv tashkilotlarining salohiyatini oshirish, ularni birlashtirgan holda samarali xizmatni tashkil etishga kelishib olindi.