Vazir o’rinbosari mazkur tumandagi 86 ta ko’p kvartirali uyga xizmat ko’rsatuvchi “Yashil makon standart” BSK faoliyatini ko’zdan kechirdi
Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva poytaxtimizning Chilonzor tumani 9 va 10-mavzelarida joylashgan ko’p kvartirali uylar atrofidagi obodonlashtirish ishlari, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan ta’mirlash jarayonlarini ko’zdan kechirdi.
Xususan, “Qatortol plyus” BSKning obodonlashtirish, aholi murojaatlari bilan ishlashda tizimsizlik, ko’p qavatli uylar kirish yo’laklarining ta’mirtalabligi yuzasidan kamchiliklari qat’iy tanqid ostiga olindi. Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.
Xususan, 21 ta uyga xizmat ko’rsatuvchi kompaniyaga ko’p qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlash bo’yicha vazifalar belgilandi.
Vazir o’rinbosari shu bilan birga mazkur tumandagi 86 ta ko’p kvartirali uyga xizmat ko’rsatuvchi “Yashil makon standart” BSK faoliyatini ko’zdan kechirdi. Jumladan, kompaniyaning uylar kirish yo’laklarida olib borayotgan ta’mirlash ishlari hamda yangi boshqaruv binosi qurilishi bilan tanishdi.
Uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlashda sifatga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
- Ko’p qavatli uylarda bugun amalga oshirilayotgan ishlar sifati yil davomida sizning faoliyatingizni yengillashtirishga xizmat qiladi. Hozir uylarning texnik holatini o’rganib, mavjud muammolarni oldini olish uchun eng maqbul vaqt,- dedi Ozoda Jo’rayeva.
Vazir o’rinbosari hududda istiqomat qiluvchi aholi vakillari va ishchi xodimlar bilan samimiy suhbat qurdi. Shuningdek, mulkdorlar uchun qulay sharoit yaratish va ularning kayfiyatiga ijobiy ta’sir qilish bo’yicha kompaniyalarga zarur vazifalar topshirildi.