Vazir o’rinbosari Qashqadaryoda
Ta’kidlash lozimki, kommunal sohadagi zamonaviy o’zgarishlar bugun respublikaning barcha hududlariga joriy etilmoqda. Tadbirkorlik, servis xizmatlar tarmog’ini rivojlantirish asnosida aholiga yaratilayotgan bunday sharoitlar bugun mamlakatimizning har bir viloyatlariga kirib bordi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi vaziri o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva ayni damda Qashqadaryo viloyati Yakkabog’ tumanida qad rostlagan “Yangi O’zbekiston” massivida bo’lib, mazkur hududda faoliyatini boshlagan “Mubina” boshqaruv servis kompaniyasi bilan tanishmoqda.
Xususan, kompaniya binosining loyihasi, unda aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda qo’shimcha maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari ko’zdan kechirildi.
- Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholimiz qulayligi uchun mana shunday zamonaviy, chiroyli shaharchalar barpo etilmoqda. Boshqaruv organlari ham islohotlarimizga mos ravishda xalqqa ana shunday talablar asosida xizmat ko’rsatishi lozim, - dedi O.Jo’rayeva
Ma’lumot o’rnida, “Mubina” BSK 54 ta uyda istiqomat qiluvchi 5 000 nafardan ortiq aholiga xizmat ko’rsatib keladi. 23 nafar ishchi-xodimdan iborat boshqaruv tashkiloti moddiy texnika bazasini yaxshilash maqsadida 10 ga yaqin texnika xarid qilgan. Hozirda tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik hamda qo’shimcha servis xizmatlarni tashkil etish choralari ko’rilmoqda.