Xorazm viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi (MUNOSABAT)
Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Urganch shahrida futbol maydoni o‘rniga ko‘p qavatli uy qurilayotgani keltirilgan tanqidiy holat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Urganch shahri “Temir yo‘lchi” mahallasi G‘alaba ko‘chasida joylashgan “Jayxun Sifat” X/Kga qarashli obyekt hududida “Art Kamalak” X/K tomonidan ko‘p xonadonli turar joy binolarini qurish bo‘yicha batafsil rejalashtirish loyihasi ishlab chiqilgan hamda mahalliy ijro hokimiyati organlari, jamoatchilik subyektlari vakillari, hududiy davlat tashkilotlari mas’ullari ishtirokida 2023-yil 16-iyun kuni 77-sonli bayon bilan shahar hokimi tomonidan tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-son qaroriga ko‘ra bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti belgilangan.
Mazkur reglamentga asosan Urganch shahar qurilish bo‘limi tomonidan 2023-yil 5-avgustda “Jayxun Sifat” X/Kga qarashli futbol maydonchasi, yuvinish-kiyinish bino yer inshootlari o‘rnida ko‘p xonadonli turar-joy binosi qurilishi uchun obyektni qayta ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilishga tegishli ruxsatnoma berilgan hamda Xorazm viloyati qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan tegishli arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i tayyorlangan.
Yuqorida keltirilgan manzilda ko‘p xonadonli turar joy binosi qurilishi uchun “Asia project loyiha” MChJ tomonidan taqdim etilgan ishchi loyihaga tegishli tartibda loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining xulosasi berilgan.