Yana bir muammo ijobiy yechim topmoqda!
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani "Mirzakalon Ismoiliy" mahallasi 3-son uyning aholisini yerto‘lada suv to‘planishi bilan bog‘liq muammo qiynab keladi. Bir qator tashkilotlarga yo‘llangan murojaat besamar ketgan, bu esa muammoning ko‘lamini ortib borishiga sabab bo‘lgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga yuborilgan murojaat kuni kecha vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva tomonidan o‘rganildi. Unga ko‘ra 319 mmlik magistral quvurlar yorilishi oqibatida yerto‘laga suv to‘planayotganligi aniqlandi.
Hozirda jarayonga muammoni bartaraf etishga mas’ul bo‘lgan barcha tashkilotlar jalb qilinib, aholini bir necha yildan beri qiynab kelayotgan muammo oldi olinmoqda.
Mazkur ishlardan aholi ham mamnun. Muhimi, ortiqcha sarsongarchiliklarga chek qo‘yildi.
"Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynayotgan har bir masalani oʻz vaqtida koʻrib chiqish va ijobiy yechim topish ayniqsa, kommunal sohada birlamchi va ustuvor vazifa sanaladi. Bugun "Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak", tamoyiliga asoslanib ish olib borilayotgan ekan, bu yo'lda pok vijdonimiz, adolatli qarorimiz bizga yo'ldosh bo'lishi kerak. Shundagina xalq bizdan va bugungi turmushidan rozi bo'ladi", — deya ta'kidladi Ozoda Jo'rayeva.