Yirik qurilish va infratuzilma loyihalari ko‘zdan kechirildi
Surxondaryo viloyatida mas’ullar Termiz shahri va Termiz tumanidagi yirik qurilish hamda infratuzilma obyektlarida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Xususan, Termiz shahrida barpo etilayotgan “Yangi Termiz city” va “Termiz biznes city” majmualari, “Farovon” massivida qurilayotgan, birinchi va ikkinchi qavatlarida savdo hamda xizmat ko‘rsatish nuqtalari joylashadigan ko‘p qavatli turar joy binolari, shuningdek, yer ishlari jarayonlari o‘rganildi.
Termiz tumanining “Kelajak” mahallasini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan 1,13 milliard so‘mlik loyiha doirasida 2 ta transformator punkti qurildi, 185 ta beton ustun o‘rnatildi va 8,7 km elektr tarmog‘i tortildi.
Bundan tashqari “Yangi O‘zbekiston” massivida bunyod etilayotgan Amfiteatr hamda katta bayroq o‘rnatilishi rejalashtirilgan maydonda olib borilayotgan qurilish ishlari holati ham ko‘zdan kechirildi.