⚡️Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi “Navro‘z” mahallasida 46-umumtaʼlim maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Mazkur mahallada ko‘p yillardan beri yangi maktabga ehtiyoj bor edi. Bugun ana shu orzu amalga oshdi. Qurilish jarayonida 150 nafar quruvchi mehnat qildi va qariyb 4 oyda maktab binosi qurib bitkazildi.
✅Eng muhimi “Shaffof qurilish” tizimi joriy etilganidan so‘ng quruvchi tashkilotlar va tadbirkorlar o‘rtasida raqobat muhiti shakllandi. Tanlash imkoniyati, ishtirok etish imkoniyati kengaydi. Endilikda reytingi bor qurilish tashkilotlari tenderda bemalol qatnashishi mumkin. Bugungi kunda tenderda ishtirok etgan qurilish kompaniyasi yangi maqsadlar sari harakat qilmoqda.
⏺38 yillik tarixga ega maktab esa oxirgi paytlarda juda eskirgan edi. Bugun esa bino butunlay yangi qiyofa kirdi. Inshootning fasad qismi, kommunikatsiya tarmoqlari taʼmirlandi. Yangi sport zali qurilib, ochiq sport maydonlari ham tashkil etildi. Axborot texnologiyalari xonasi, kimyo, biologiya, fizika laboratoriya. musiqa xonalari, zamonaviy texnologiya xonalari, elektron kutubxona – bularning barchasi bugun o‘quvchilar ixtiyorida.
🟢Zamonaviy texnologiya xonalarida yoshlar pazandalik, sartaroshlik, raqs, milliy kurash kabi yo‘nalishlarda mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishlari mumkin.
46-umumtaʼlim maktabining yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Davronjon Adilov, tuman hokimligi, xalq taʼlimi boshqarmasi masʼullari, mahalla faollari ishtirok etdi. Tadbirda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda xalq taʼlimi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida, umumtaʼlim maktablari uchun yangi zamonaviy binolar qurilishiga katta eʼtibor qaratilayotgani, sohadagi ko‘p yillik muammolar hal etilayotgani qayd etildi.
✔️Taʼkidlash joizki, bu so‘nggi yillarda qurilgan eng katta quvvatga ega maktablardan biridir. Maktabni qurish jarayonida, ixtisoslashgan maktablarning qurilish tajribasidan ham foydalanilgan.
🔷Qurilish tashkiloti ish yurituvchisi Dilmurod Mamatovning maʼlum qilishicha, 240 o‘ringa mo‘ljallangan maktab qurilishi uchun 2022-yil Investitsiya dasturi doirasida 6 milliard 633,1 so‘m ajratilgan. Bundan tashqari 8 milliard so‘mlik homiylik mablag‘lari ham sarf etilgan.