Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan obyekt o’rganilganda, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Sh.Rustaveli koʻchasi 19-uy manzilida “TAKO SALES” MCHJ ga mavjud maʼmuriy hudud, doʻkon va omborxona, avtomobillar turar joyini “Yer osti qismlarida avtoturargoh, pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi boʻlgan koʻp qavatli turar joy binosi” sifatida ixtisoslashtirib rekonstruksiya qilish uchun 2019-yil 25-aprelda Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 8406010/1-sonli ruxsatnoma berilgan. Loyiha tashkiloti “DILYAZ BIZNES” MCHJ tomonidan taqdim qilingan dastlabki loyiha hujjatlarini kelishish boʻyicha Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasining 2019-yil 11-iyuldagi 31-1388/A-sonli hamda ishlab chiqilgan ishchi loyiha hujjatlariga 2019-yil 17-iyulda “SHAHARSOZLIK HUJJATLARI EKSPERTIZASI” DUK Toshkent shahar filialining K-865-sonli yigʻma ekspertiza xulosalari olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 370-sonli qaroriga muvofiq yuqorida koʻrsatilgan manzilda “Yer osti qismlarida avtoturargoh, pastki qavatlarida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish majmuasi boʻlgan 7 qavatli turar joy binosi” qurilishi boʻyicha Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan 2019-yil 25-iyulda roʻyxatdan oʻtgan.
Inspeksiya inspektori tomonidan 2020-yil 13-noyabrda qurilish meʼyorlari va qoidalari talablari bajarilishi yuzasidan oʻtkazilgan qisqa muddatli tekshiruvda qurilish obyektida tasdiqlangan loyihadan chetga chiqib, qurilish-montaj ishlarini bajarganligi uchun 2020-yil 13-noyabrda bajarilishi majburiy boʻlgan 2351-sonli yozma koʻrsatma berilgan. Jamiyat rahbarining tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmagunga qadar qurilish-montaj ishlarini olib bormaslik toʻgʻrisida 2021-yil 4-fevraldagi 4-02/1-sonli kafolat xati olingan.
“TAKO SALES” MCHJ tomonidan mazkur yozma koʻrsatma talablari belgilangan muddatlarda bajarilmaganligi sababli jamiyat rahbariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 99-moddasi 1-qismi bilan chora koʻrish uchun 2021-yil 8-fevralda Jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudiga yigʻma hujjatlar taqdim qilingan.
Loyiha hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish yaʼni yertoʻlasida 3 qavatli avtoturargoh, pastki qavatlarida savdo-maishiy xizmat koʻrsatish kompleksi boʻlgan koʻp qavatli turar-joy binolari qurilishini kelishish boʻyicha Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasining 2020-yil 17-noyabrda 2400-sonli xulosasi olingan. Ushbu kiritilgan oʻzgartirishlar yuzasidan yigʻma ekspertiza xulosasi taqdim qilingunga qadar qurilish-montaj ishlarini toʻxtatib turish toʻgʻrisida 2021-yil 11-martdagi 577-sonli yozma koʻrsatma berilgan.