Ishonch telefoni: (+998 71) 210-11-04 (ichki raqam 5 )

Qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari Davron Adilov “Navroʻz” majmuasining buzilishi yuzasidan “Daryo” muxbiriga intervyu berdi

Qurilish Vazirligi > Yangiliklar > Videolavhalar > Qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari Davron Adilov “Navroʻz” majmuasining buzilishi yuzasidan “Daryo” muxbiriga intervyu berdi
Apr 11, 2021 Posted by: tested Videolavhalar Yangiliklar

Xabaringiz bor, so‘nggi paytlarda poytaxtimizdagi Alisher Navoiy milliy bog‘ majmuasini haqiqiy ma’noda xalqimiz uchun madaniyat va ma’rifat maskaniga aylantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda bu yerda Adiblar xiyoboni barpo etilib, yigirmadan ziyod atoqli ijodkorlarimizning haykallari o‘rnatildi. Shuningdek, Yozuvchilar uyushmasining binosi qurildi, Toshkent tarixi muzeyi tashkil qilindi.

Bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida Milliy bog‘ hududida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ijod maktabi, Adabiyot muzeyi va yangi Milliy drama teatri binolari hamda Davlat san’at muzeyining namoyishlari majmuasini qurish, shuningdek, bu yerda ilm-fan va san’at sohalariga oid 1,5 million kitob fondiga ega bo‘lgan yirik kutubxona bunyod etish loyihalashtirilgan.

Mazkur kutubxonani Alisher Navoiy milliy bog‘i hududidagi «Navro‘z» majmuasiga joylashtirish hamda uni zamonaviy shaharsozlik va arxitektura talablari asosida qayta rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan edi. Shu maqsadda, qonun talablariga asosan loyiha institutlari tomonidan “Navro‘z” majmuasining holati texnik ko‘rikdan o‘tkazilganida, 1980-yillarda qurilgan ushbu binoning holati bilan bog‘liq bir qator jiddiy muammolar borligi aniqlandi.

Xususan, “Navro‘z” majmuasining atrofida uzoq yillar davomida muntazam ishlab turgan katta hajmdagi favvoralardan binoning poydevor qismiga namlik sizib o‘tganligi sababli bino 27 santimetrlik og‘ish yuz berganligi ma’lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, majmuadagi asosiy yuk ko‘tarib turuvchi konstruksiyalarning holatida ham salbiy o‘zgarishlar yuz bergan. O‘zingiz yaxshi bilasiz, Toshkent shahri nisbatan faol seysmik mintaqada joylashgan. Shuning uchun bu yerda bino va inshootlarning mustahkamligiga jiddiy e’tibor qaratish talab etiladi. Bu kutubxonadan kelajakda xalqimiz foydalanadi. Demak, odamlarning xavfsizligini ta’minlash birinchi galdagi vazifamiz hisoblanadi.

Loyiha institutlari va mutaxassislarning xulosasiga asosan, binoni ta’mirlash maqsadga muvofiq emas, deb topildi. Chunki yuqoridagi kamchiliklar erta-bir kun jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

Qolaversa, hisob-kitoblarga ko‘ra, uni rekonstruksiya qilish va ta’mirlashdan ko‘ra, o‘rnida yangi bino qurish iqtisodiy jihatdan samaraliroq ekani ma’lum bo‘ldi.

Shu bois, bo‘lajak kutubxona foydalanuvchilarining xavfsizligi, binoning konstruktiv mustahkamligi va barqarorligi, seysmik xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Navro‘z” majmuasi o‘rnida mustahkam, ko‘rkam, energiya tejamkor va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan yangi, zamonaviy kutubxona binosini qurish maqsadga muvofiq, degan qarorga kelindi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu bog‘ yaqin kelajakda haqiqiy madaniyat va ma’rifat maskani, adabiyot muxlislari va xalqimizning sevimli maskaniga aylanib, ko‘p yillar davomida xalqimizga xizmat qiladi.