• Ishonch telefoni/Телефон доверия: 1298
info@mc.uz
QURILISH SOHASIDA LITSENZIYALASHTIRISH

Qurilish vazirligi oldiga qo'yilgan vazifalar keng muhokama qilinmoqda

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi > Yangiliklar > Fotolavhalar > Qurilish vazirligi oldiga qo’yilgan vazifalar keng muhokama qilinmoqda
Iyul 8, 2022 Posted by: tested Fotolavhalar Yangiliklar

Qurilish vazirining birinchi o’rinbosari D.Adilov boshchiligida vazirlikning hududiy boshqarma boshliqlari, qurilish loyiha institutlari, shuningdek, tegishli vazirlik hamda tashkilotlar vakillari ishtirokida ”ToshkentboshplanLITI” da yig’ilish bo’lib o’tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6-iyul kuni o’tkazilgan arxitektura, qurilish va shaharsozlik bo’yicha ustuvor vazifalar muhokamasiga oid videoselektor yig’ilishidan kelib chiqadigan chora-tadbirlar ishtirokchilarga tushuntirildi. Mavjud muammo va masalalalar ochiq aytildi hamda ularning yechimi borasida takliflar o’rtaga tashlandi. Ta’kidlandiki, loyihalash va qurilish ishlari bo’yicha yangi tizim joriy etiladi. Unga ko’ra hududlarning Bosh rejasi va “master reja”larini ishlab chiqish bo’yicha Respublika kengashi tuziladi. Qurilish vazirligida Bosh arxitektor lavozimi joriy qilinib, unga vazirning birinchi o’rinbosari maqomi beriladi.

Viloyatlarda “loyiha ofislari” ochilib, ularga hokimning birinchi o’rinbosari va viloyat Bosh arxitektori mas’ul bo’ladi. Shuningdek, tuman va shahar qurilish bo’limiga arxitektor rahbarlik qiladi. Bosh reja va “master reja”ni ishlab chiqish yangicha yondashuv asosida 3 bosqichda bo’ladi.

Birinchi bosqichda Respublika kengashi muayyan viloyatning 5, 10 va 20 yillik rivojlanish yo’nalishlari, yer va infratuzilma chegaralarini belgilaydigan “Bosh sxemasi”ni tasdiqlaydi.

Ular asosida ikkinchi bosqichda, hududning Bosh rejasi ishlab chiqiladi. Bunda sanoat, xizmat ko’rsatish va aholi maskanlarini belgilash, yo’llar va infratuzilma tarmoqlarini taqsimlash ko’zda tutiladi.

Uchinchi bosqichda Bosh rejalarga asosan viloyat, tuman va shahar bosh arxitektorlari hamda hokimning birinchi o’rinbosarlari o’z hududining “master reja”larini tasdiqlaydi. Bunda uy-joylar, maktab, bog’cha, shifoxona, savdo va xizmat ko’rsatish obyektlarining joylashuvi ko’rsatiladi.

Bir so’z bilan aytganda endi Qurilish vazirligi qaysidir mahallada do’kon qayerda bo’lishi yoki bino qanday yoritilishi bilan shug’ullanmaydi. Bunday masalalar tuman va mahalla darajasida hal bo’ladi.

Onlayn muloqotda, shuningdek, shaharsozlik qoidalarini takomillashtirish hamda xalqaro me’yorlarga moslashtirish bo’yicha belgilab berilgan ustuvor yo’nalishlar haqida ham so’z bordi. Jumladan, xalqaro standartlar asosida tayyorlangan loyihalarga Texnik kengash xulosasini olish tartibi bekor qilinadi, xorijda ekspertizadan o’tkazilgan loyihalar to’g’ridan-to’g’ri tan olinadi.

Muhokamalarda shaharsozlik me’yorlaridan qurilish ishlarini baholash bilan bog’liq 147 ta norma chiqarib tashlangani qayd etildi. “Qurilish resurslari klassifikatori” platformasini ishga tushirib, 100 mingdan ziyod qurilish materiallari va xizmatlarining bozor narxini shakllantirish bo’yicha amaliy ishlarning ahamiyati tushuntirildi.

Shuningdek, loyihalarni tayyorlash muddatini kamaytirish maqsadida “Shaffof qurilish” dasturida “elektron katalog” yaratilib, ijtimoiy obyektlarning namunaviy loyihalari joylashtirib borilishi va undan barcha buyurtmachilar hamda loyiha-pudrat tashkilotlari erkin foydalanishi mumkin ekanligi haqida ham fikrlar ilgari surildi.

Yig’ilishda viloyat hokimliklari qoshidagi Yagona buyurtmachi kompaniyalar va ularga xorijiy menejerlar, malakali arxitektor va muhandislarni jalb qilish, qurilish jarayoni va ish hajmini hisoblashni raqamlashtirish bo’yicha berilgan topshiriqlarning dolzarbligi amaliy misollarda izohlandi.

Muhokamalar davomida ishtirokchilarning fikrlari tinglandi va kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.