⚡️Respublikada qurilish sohasini va qurilish materiallarini ishlab chiqarish kompleksini rivojlantirish, hududlarda aholi uchun arzon uy-joylar qurilishini taʼminlash, uy-joy qurilishi bozorida talab va taklif nomutanosibligini qisqartirish maqsadida, Prezidentimiz tomonidan mazkur 139-sonli qaror qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan:
respublikaning 8 ta tumanida xom ashyoni qazib olishdan uni qayta ishlash, laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazish, tayyor qurilish va pardozbop materiallar ishlab chiqarishgacha qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratuvchi qurilish materiallari klasterlarini tashkil etilishi, jumladan bular:
Andijon viloyati Buloqboshi tumanida – marmar buyumlari, gaz-beton bloklari va pardozbop gʻishtlar ishlab chiqarish;
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida – silikat mahsulotlari, qurilish plitalari va sement ishlab chiqarish;
Jizzax viloyati Forish tumanida – bazalt xom ashyosini qayta ishlash asosida qurilish materiallari ishlab chiqarish;
Namangan viloyati Chust tumanida – pardozbop gʻisht ishlab chiqarish;
Samarqand viloyati Paxtachi tumanida – gips buyumlar va mineral momiq (vata) ishlab chiqarish, tabiiy toshni qayta ishlash;
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida – gips buyumlari, sement, temir-beton buyumlari ishlab chiqarish, tabiiy toshni qayta ishlash;
Toshkent viloyati Ohangaron tumanida – gips buyumlari, sement, temir beton buyumlari, mineral momiq (vata) ishlab chiqarish, tabiiy toshni qayta ishlash;
Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanida – gips va keramik buyumlar, sement, temir-beton buyumlari, tabiiy boʻyoqlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, boshqa hududlar bilan sanoat kooperatsiyasini tashkil qilish orqali qurilish materiallari ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladigan 14 tuman va 2 ta shahar roʻyxati tasdiqlangan.
Mazkur Qarorga muvofiq uy-joylar qurilishini yanada arzonlashtirish maqsadida vazirlik tomonidan
▶️buyurtmachi xizmati tashkilotlariga – uy-joylar boʻyicha loyihalashtirish yuzasidan texnik topshiriqlarni ishlab chiqishda, ularda energiya tejamkor devorbop qurilish materiallarini qoʻllashga asosiy eʼtibor qaratish; loyiha-qidiruv tashkilotlariga – koʻp qavatli uy-joylar qurilishi obyektlari boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda energiya tejamkor devorbop qurilish materiallardan keng foydalanish boʻyicha tavsiyalari ishlab chiqilib, amaliyotga qoʻllanmoqda.
✅Mazkur Qarorda qurilish materiallari va uy-joy qurilishi klasterlari faoliyatini tartibga soluvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirigʻi berilgan. Bu borada Qurilish vazirligi aloqador vazirlik, idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda ishlab, ularning tegishli taklif va fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda, ushbu Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqmoqda.
✅Qarorda bino va inshootlar qurilishida energiya tejamkor materiallarni, shu jumladan avtoklav gaz-betonli konstruksiyalar va yirik fibrobetonli panellarni qoʻllash boʻyicha normativ hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlash topshirigʻi ham berilgan.
Bu borada ham ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, SHNQ 3.03.09-22 “Energiya tejamkor devorbop toʻsuvchi konstruksiyalar. Binolar qurilishda avtoklavli silikatli gazbeton konstruksiyalarni qoʻllash. Loyihalash va qurilish talablari” Qurilish vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, tegishli tashkilot va idoralar bilan kelishish ishlari amalga oshirilmoqda.