Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligida “Oʻzbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni va undan kelib chiqadigan vazifalar ijrosiga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi. Tadbirda taʼkidlandiki, Oʻzbekiston aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini 2025-yilgacha takomillashtirish konsepsiyasi hamda uni 2022 – 2023-yillarda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlangan boʻlib, Farmonga muvofiq. 2022-yilning 1-sentabridan respublikaning seysmik faol zonalarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub obyektlarga zilzilabardoshlik boʻyicha xulosalar berish tartibi joriy etiladi.
Seysmik zaif ijtimoiy soha obyektlarining roʻyxati har yili 1-aprelgacha shakllantirib boriladi hamda instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish ishlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tashkillashtiriladi. 2022-yil 1-oktabrdan respublikadagi koʻp kvartirali uy-joylarni yillar kesimida zilzilabardoshlik boʻyicha xatlovdan oʻtkazish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi va xatlov natijasiga koʻra ekspluatatsiya muddatini oʻtab boʻlgan seysmik zaif hamda avariya alomatlari aniqlangan koʻp kvartirali uy-joylar oʻrnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish boʻyicha takliflar mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritib boriladi.
Seminarda soʻz olganlar 2022-2025-yillar davomida Andijon, Toshkent, Guliston, Nurafshon, Namangan, Fargʻona, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Qarshi, Termiz, Nukus, Urganch shaharlarining raqamlashtirilgan seysmik mikrohududlashtirish xaritalari ishlab chiqilishini taʼkidlab oʻtdilar. Shuningdek, 2023-yil 1-apreldan suv omborlari toʻgʻonlarida seysmik xavfni oldindan prognoz qilish va baholash amaliyotini joriy qilish maqsadida:
kosmik monitoring doirasida simulyatsion dastur orqali zilzila natijasida toʻgʻon oʻpirilishi oqibatida suv bosishi mumkin boʻlgan respublika hududlarining vizual 3D modellarini ishlab chiqish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
suv omborlari toʻgʻonlari oʻpirilishi oqibatida qutqaruv ishlarini tashkillashtirishida tegishli vazirlik va idoralarni zarur kosmik suratlar hamda ishlov berilgan maʼlumotlar bilan taʼminlash tizimining joriy etilishi maʼlum qilindi.
Mazkur amaliyot va tizim 2023-yil 1-fevralgacha ishga tushiriladi.
2023-yildan respublikaning seysmik faol zonalarida balandligi 9 qavat yoki undan yuqori boʻlgan seriyali qurilishi rejalashtirilgan yoki tanlab olingan bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish, sifatini taʼminlash hamda kamchiliklarni oldindan bartaraf etish maqsadida vibrodinamik uskuna yoki zamonaviy raqamlashtirilgan instrumental asbob-uskunalar yordamida sinov va tekshiruv oʻtkazib boriladi. 2022-yil 1-dekabrgacha respublikadagi barcha sunʼiy inshootlar (koʻpriklar, tonnellar, estakadalar, temir yoʻl koʻpriklari va boshqalar) xatlovdan oʻtkazilib, yagona raqamlashtirilgan maʼlumotlar bazasi tashkil etiladi.
2023-yil 1-martgacha respublikadagi barcha mavjud sunʼiy inshootlarning zilzilabardoshligi boʻyicha elektron texnik pasportlari shakllantiriladi. 2022/2023 oʻquv yilidan Namangan muhandislik-qurilish instituti va Fargʻona politexnika institutida “Bino va inshootlar zilzilabardoshligi” taʼlim mutaxassisligi boʻyicha kadrlarni tayyorlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 2022-2023-oʻquv yilidan “Tarixiy obidalarning seysmik mustahkamligi” taʼlim mutaxassisligi ochiladi.
2022-yil 1-dekabrgacha respublikadagi seysmik faol, oʻrta faol va tinch hududlar hamda maydonlarni oʻzida mujassamlashtirgan interaktiv onlayn-xarita ishlab chiqiladi.
2023-yil 1-avgustgacha seysmik faol zonalarda joylashgan bino va inshootlar maydonining zilzilalar oqibatida deformatsiyasi, siljishi, choʻkishi kabi omillarni aniqlashga moʻljallangan radiolokatsion kosmik monitoring tizimi yaratiladi.