Andijon viloyatida yuzlab qurilish tashkilotlari mavjud, biroq ayollar yetakchilik qilayotgan korxonalar soni atigi beshta. Andijon shahridagi “Quruvchi-97” MCHJ rahbari Dilnozaxon Toʻlanova esa garchi yosh boʻlsa-da, koʻpchilikka bosh quruvchi xotin-qizlar toifasidan. Uning mehnatda erishgan yutuqlari, harakatining ijobiy samarasi tufayli “Quruvchilar malikasi” deb ham atashadi.
–Korxonamiz 1997-yilda tashkil topgan, – deya hikoya qiladi maqolamiz qahramoni. –Dastlab binolarni taʼmirlashdan boshlaganmiz ishni. Asta-sekin tajribamiz orta boshladi. Bunyodkorlik sohasida nechta bosqich boʻlsa, hammasini bosib oʻtdik. 2017-yildan boshlab inshootlar qurishga kirishdik. Shu kungacha 20 ta turli binolarni qurib, foydalanishga topshirganmiz. Ayni paytda Asaka tumanida kasb-hunarga oʻrgatish markazi uchun bino quryapmiz. Shu bilan birga “Yangi Andijon” massivida 7 qavatdan iborat 40 xonali turar joy barpo etishga kirishganmiz.
Oʻzbek xalqida uy-joy qurishda azaldan oʻziga xos eʼtibor, tajriba va arxitektura maktabi mavjud. Yillar oʻtgani sari tajribalar takomillashyapti, unga jahon andozasi uygʻunlashyapti. Biroq har qanday takomillashuv negizida baribir milliy xususiyat mujassam boʻlmogʻi kerak. Bu bizning emas, balki, Dilnozaxonning fikri! Shu bois ham qahramonimiz barpo etayotgan binolar loyihasini milliy xususiyatimizga mos ravishda tayyorlashga eʼtibor qaratadi.
–Misol uchun, “Yangi Andijon” massivida barpo etayotgan uyimizning ayvoni keng boʻlib, oʻzida havo zaxirasini saqlash xususiyatiga ega, – deya tushuntiradi u. – Xonalar yorugʻ va katta. Har bir xonaga alohida eshik orqali kiriladi. Bu oʻzbek millatiga xos boʻlgan talablar sirasidandir. Hozir xaridorda tanlash imkoniyati bor. Chunki, qurilishlar koʻp. Shunday ekan, mijozlarning xohishidagi uyni qurib berish bizning burchimiz.
Dilnozaxon mehnatda, garchi, ayrim erkaklarni-da, ortda qoldirishga qodir boʻlsada, biroq oilada sevimli yor, mehribon ona, jonsarak uy bekasi hamdir. Toʻrt nafar farzandning tarbiyasi, uy ishlari, kir yuvish, ovqat qilish… bularning barchasi uning kundalik yumushlaridir. Bir soʻz bilan aytganda, qurilish maydonining malikasi uyda oddiy bekaga aylanadi!