Umumiy qoidalar
Ma’muriy jarayonlar reinjiniringi unga turdosh usullaridan farqli ravishda, qisqa muddatda eskirgan, o’zini oqlamagan samarasiz usullar va vositalardan, rudiment jarayonlardan butunlay voz kechish hamda jarayonlarga zamonaviy AKTni joriy etish orqali ma’muriy jarayonlarni tubdan isloh qilishni nazarda tutadi.
Bunda ma’muriy jarayonlarni amalga oshiruvchi davlat va xo’jalik boshqaruv organlari manfaatlari emas, balki, faqat va faqat iste’molchi fuqarolar manfaatlari, ularning ehtiyojlari, talabi va shart-sharoitlari birlamchi hisoblanadi.
Davlat va xo’jalik boshqaruv organlarning mutassadi rahbarlari, mas’ul xodimlari va xizmatchilari tomonidan reinjiniring tadbirlarini paysalga solishga bo’lgan harakat va intilishlari, davlat xizmatlarini modernizatsiyalashga yo’naltirilgan islohotlarga jiddiy to’siqlar yaratishi mumkin.
Reinjiniringni quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanadi:
1. Siyosiy qaror va хohish-irodaning mavjudligi;
2. Samaradorlik – asosiy omil sifatida;
3. Iste’molchi uchun qulayliklar yaratish;
4. Jarayonlarning funksiyalarga nisbatan afzallikka ega bo’lishi;
5. Vakolatlarni quyi bo’limlarga va mutaxassislarga topshirish;
6. Innovatsion yondashuv;
7. Muammoli masalalarni aniqlashda ichki va tashqi muhitni uzviy o’rganish.
Ushbu tamoyillarga va reinjiniring tadbirining asosiy omillariga ko’ra, ma’muriy jarayonlar reinjiniringini amalga oshirishda yuqori lavozimdagi rahbarlarning siyosiy qaror va хohish-irodalari birlamchi omil hisoblanadi va reinjiniring tadbirlarini “yuqoridan pastga” qarab amalga oshirish uchun asosiy turtki vositasini o’taydi.
Ma’muriy jarayonlar reinjiniringi natijasida ham davlat organlari, ham iste’molchilar (aholi, tadbirkorlik subyektlari) manfaatdor bo’lishini ta’minlash joiz. Bunda barcha ortiqcha, takroriy va salbiy byurokratik to’siqlar bartaraf etilib, faqatgina “zaruriy byurokratiya”ga yo’l qo’yiladi. Yа’ni, aholi va tadbirkorlar uchun ma’muriy yukning minimal zaruriy ko’rinishlarigagina yo’l qo’yiladi.
Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda “proaktiv” xizmatlar konsepsiyasi ilgari surilmoqda, ushbu konsepsiyaga muvofiq, ayrim davlat xizmatlari uchun hattoki iste’molchilarning murojaatlari ham talab qilinmaydi. Masalan, farzand tug’ilishi bilan mahalliy hokimiyatlar tomonidan bolalar bog’chasi va umumta’lim maktabiga ro’yxatga olish xizmati “proaktiv” xizmatlar ro’yxatiga kiradi.
Aksariyat hollarda davlat va xo’jalik boshqaruv organlarida har bir tarkibiy funksional bo’linma tomonidan faqatgina mazkur bo’linmaning funksiyalari doirasida e’tibor qaratilib, yakuniy natija rahbariyatdan tashqari hech kimni qiziqtirmaydi. Yа’ni, har bir funksional bo’lim qo’yilgan masalaning yoki jarayonning faqatgina bir qismi bilan shug’ullanishi hamda boshqa bo’limlar faoliyatidan doimiy ravishda xabardor bo’lmasligi va umumiy muvofiqlashtirishning sustligi natijasida jarayonlarda nuqsonlar vujudga kelishi kuzatiladi. Ma’muriy jarayonlar reinjiniringi jarayonlarni yaxlit holatda nazorat qilish mexanizmlarini joriy qilishni nazarda tutadi va yakuniy natijaga barcha tarkibiy bo’linmalar tomonidan qiziqish bo’lishini ta’minlashga undaydi.
Ayrim turdagi qarorlarni qabul qilish vakolatlarini quyi tashkilotlarga tushirish va Markaziy apparatga xos bo’lmagan funksiya va vazifalarni quyi tashkilotlarga berish orqali amalga oshirish muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Reinjiniring tadbirlarini o’tkazishda yangi g’oyalar uchun cheklovlar o’rnatilishi mumkin emas, har qanday yangi g’oyalar davlat xizmatini kelajakdagi yangi modeli uchun muhimdir.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ayni paytda ishlayotgan samarasiz tizimlarda emas, balki ma’muriy jarayonlari reinjiniringi natijasida yaratilgan yangi tizimlarda qo’llanilgan taqdirdagina yuqori samaradorlikka olib keladi. Yа’ni, boshqa so’z bilan aytganda samarasiz tizimlarni avtomatlashtirish qisqa muddatda ma’lum vazifalarni soddalashtirsada, iste’molchilar uchun yetarli darajada qulayliklar yaratmaydi, balki eski tizimning barcha nuqsonlarini yanada ko’proq namoyish qiladi. Shuning uchun ham AKT vositalarini reinjiniring tadbirlari asosida yaratilgan yangi tizimlarda tadbiq etish maqsadga muvofiq.
Ma’lumki, bugungi kunda ayrim turdagi davlat xizmatlarini ko’rsatishda ikki va undan ortiq ma’muriy organlar ishtirok etadi. Shu sababli, ma’lum bir xizmatga aloqador bo’lgan va ushbu xizmatni ko’rsatishda ishtirok etayotgan mazkur ma’muriy organlarda ham har bir ma’muriy jarayonlarni o’rganish talab etiladi. Bundan tashqari, reinjiniring tadbirlari mobaynida muammoli masalalar mazkur davlat xizmatlaridan foydalanuvchi aholi va tadbirkorlik subyektlaridan so’rovnoma yo’li bilan aniqlanishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Bundan tashqari, ayrim turdagi eng ko’p uchraydigan xatoliklar mavjudki, ular reinjiniring tadbirlarini muvaffaqiyat qozonishiga jiddiy to’sqinliklar yaratadi. (3-jadval)
Nisbatan qisqa muddatda katta odimlar bilan yuqori pog’onaga ko’tarilish, eng ilg’or ko’rsatkichlarga erishish vazifasi eskirgan, o’zini oqlamayotgan usullar, kuch va vositalarning bahridan o’tish, ma’muriy va xo’jalik boshqaruvidagi rudiment protseduralardan butunlay voz kechish orqali an’anaviy faoliyat tarkibini zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda tubdan isloh qilish orqali amalga oshiriladi.
Bunday natijaga erishish uchun reinjiniring uslubining zaruriylik va yetarlilik shartlari asosida shakllantirilgan quyidagi tadbirlar aniq maqsad va o’zgarmas mo’ljal sifatida qat’iy mustahkamlab qo’yilishi joiz:
1) davlat organlari va davlat xizmatchilari faoliyati samaradorligini keskin oshirish va baholash mexanizmlarini xatosiz ishlashini ta’minlash;
2) davlat va xo’jalik boshqaruv organlari funksiyalari, xizmatlari va mahsulotlari sifatini global raqobat talablaridan ham yuqori darajasigacha oshirish;
3) davlat organlari funksiyalarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish va mahsulot ishlab chiqish me’yor-tartiblari faqat va faqat iste’molchi shart-sharoitiga mos bo’lgandagina tasdiqlanishiga erishish;
4) jarayonlarni qayta tartibga solishda mantiqiy va funksional jihatdan izchillik va uzluksizlikni ta’minlash;
5) uzundan uzoq, murakkab, samarasiz ma’muriy va funksional jarayonlarga butunlay barham berish yoki eng minimal darajagacha soddalashtirish;
6) ortiqcha va bir birini takrorlovchi ma’muriy va funksional jarayonlarga barham berish, voz kechish;
7) jarayonlardagi byurokratik g’ov va korrupsion sxemalarni tashkil etuvchi omillariga va muhitiga qarshi kurashish, yo’qqa chiqarish, hamda qayta g’ovlashga imkon bermaydigan innovatsion, kontaktsiz boshqaruv mexanizmlarini ishlab chiqib tizimning butun tarmog’ida keng ko’lamda joriy etish;
8) zamonaviy axborot kommunikatsiya tizimlarini joriy etish orqali avtomatlashtirish tadbirlarini faqat va faqat reinjiniring orqali optimallashtirish jarayonlaridan so’nggina amalga oshirish asosiy va birlamchi shart ekanligini qonun hujjatlarida mustahkamlab qo’yish;
Reinjiniring doirasidagi optimallashtirish tizim zimmasidagi funksiyalarni bajarish uchun sarflanadigan o’zining hisobidagi, katta-kichikligidan qat’iy nazar, tashkiliy-tuzilmaviy, me’yoriy-huquqiy, moddiy-moliyaviy, mehnat, axborot va vaqt resurslari, shuningdek boshqa barcha kuch va vositalarning har biridan unumli, o’z o’rnida, eng maqbul kombinatsiyalarda va motivatsion faollashtirish asosida foydalanishni nazarda tutadi.
Reinjiniringda ortiqcha jarayon va obyektlardan voz kechishga urg’u beriladi. Xususan:
1) Katta hajmdagi, qayta ishlanmaydigan va tahlil uchun foydalanilmaydigan, yakuniy natijaga qiymat qo’shmaydigan ma’lumotlarni qayta-qayta kiritish, uzatish, almashish, zahiralarini ko’paytirish amaliyotlaridan voz kechish;
2) Ortiqcha, foydasi tegmaydigan inventar, moddiy-texnik resurslar zahirasi va boshqa aktivlarni manfaatli loyihalar uchun safarbar etish;
3) Funksional jarayonlarning har xil bosqichlarida bir xil vazifalarni takrorlanishi holatlariga yo’l qo’ymaslik;
4) Faoliyatining yakuniy natijasi noaniq, mavhum va mantiqsiz bo’lgan tuzilmaviy bo’limlar, lavozim va xizmat vazifalarini bekor qilish;
5) Bir birini maqsad va vazifalarini, funksiya va vakolatlarini takrorlovchi tuzilmalarni uyg’unlashtirish, birlashtirish yoki qisqartirish tadbirlari resurslar ortiqcha sarfini optimallashtirishning kardinal shakli sifatida qaraladi.
Reinjiniring xulosalarini shakllantirishda:
– jarayonlarni tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarni o’ta murakkabligi, izoh va havolalarni haddan ziyod ko’pligi holatlarini bartaraf etish;
– iste’molchilarga samimiylik, beg’arazlik, g’amхo’rlik, daxldorlik hislari bilan munosabatda bo’lish madaniyatini ommalashtirish ruhi aniq sezilib turishi lozim;
Reinjiniring davlat organlari va xizmatchilari funksiyalarini bajarish, xizmatlar ko’rsatish va mahsulot ishlab chiqarish:
1. jarayonini soddalashtirish;
2. jarayonlarining bosqichlari va qadamlari sonini qisqartirish;
3. muddatlarini qisqartirish;
4. ishtirok etuvchi davlat va xo’jalik boshqaruv organlari sonini qisqartirish;
5. talab etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish;
6. resurslar sarf-xarajatini optimallashtirish;
7. davlat boji va murojaatni ko’rib chiqish to’lovlarni optimallashtirish;
8. norasmiy to’lovlarga batamom barham berish ko’rsatkichlari va me’zonlari orqali baholanadi.
Xususiy kapital hisobiga faoliyat ko’rsatuvchi xo’jalik yuritish subyektlari reinjiniring tadbirlarini o’tkazishdan katta iqtisodiy foyda ko’radilar va shuning uchun reinjiniring tadbirlarini tezroq, samaraliroq va keng ko’lamda o’tkazishdan manfaatdor bo’ladilar. Ulardan farqli o’laroq iste’molchilarning soliq va boshqa qonuniy to’lovlari hisobiga shakllanadigan davlat byudjeti hisobidan faoliyat yurituvchi davlat boshqaruv organlari hamda davlat ulushi katta bo’lgan xo’jalik yurituvchi subyektlar esa, odatda reinjiniring tadbirlarini samarali va keng qamrovda amalga oshirishni paysalga solish va latent ko’rinishdagi to’siqlar yaratishga harakat qiladilar.
Chunki, reinjiring tadbirlari ularni innovatsion boshqaruv usullarini o’zlashtirish, o’zlarining kasbiy mahoratlarini muttasil oshirib borish, iste’molchi manfaatlarini tashkilot va xususiy manfaatlaridan ustun qo’yish, resurslarni maqsadli sarflash, tez va sifatli ishlash singari yangicha talablar asosida faoliyat yuritishga majbur qiladi. Shu munosabat bilan bu toifadagi vazirlik-idora va tashkilotlarda reinjiniring tadbirlarini samarali o’tkazilishi birinchi rahbarning avvalambor siyosiy idroki, ma’naviy va mafkuraviy immunitetining mustahkamligi, zamonaviy dunyoqarashi, professional darajasi, omilkorligi va tadbirkorligi, g’ayrat-shijoati, ayniqsa ruhiyatida mardlik, vatanparvarlik va xalq dardiga daxldorlik tuyg’usining ustuvorligiga bevosita bog’liq.
Davlat va xo’jalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining har qaysi darajadagi mutassadi rahbari, mas’ul xodimlari va xizmatchilari tomonidan reinjiniring tadbirlarini asossiz ravishda paysalga solishga bo’lgan “harakat va intilish”lari ularning fuqarolik pozitsiyasining davlat boshqaruvi organlarini modernizatsiyalashga yo’naltirilgan islohotlarning siyosiy ahamiyatini anglay olmasligi sifatida baholash uchun belgi (signal) va tegishli xulosa chiqarilishiga asos bo’lishiga ahamiyat qaratiladi.
Vazirlik-idora, tashkilot rahbari reinjiniring tadbirlarini o’tkazish uning zimmasiga yangi, innovatsion shart-sharoitlarda faoliyat yuritishni o’zlashtirish, ko’nikmalarni shakllantirish bilan bog’liq murakkab, ammo sharafli mas’uliyat yuklashini ham anglashi, unga ruhan va professional darajada tayyorgarlik ko’rishi, nostandart sharoitlarda karaxt holatga tushib qolmay, yechimini operativ ravishda topish va hal etish, sharoit jilovini o’z qo’liga, javobgarlikni o’z zimmasiga olish, ya’ni jarayonni nazorat qilib bora olish vazifasini yuklaydi.