📌 “TROLL.UZ” telegram kanalida “Qurilish vazirligiga savol”, – deya eʼlon qilingan videomunosabatni Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi diqqat bilan kuzatdi. Albatta, tanqid yaxshi. Agar u oʻrinli boʻlsa. Boisi vazirlik OAV va keng jamoatchilikda oʻz sohasiga taalluqli har qanday murojaat va masalaga hamisha xayrixohlik bilan qaraydi va xolis hamda haqqoniy munosabat bildirishga harakat qiladi. Ammo qurilish tashkilotlarining reyting koʻrsatkichlarini aniqlash mezonlari haqidagi fikrlarni maktabdagi baholash yoki haydovchilik guvohnomasini olish tizimiga nisbat qilish mavzu mohiyatini boʻrttirishdek gap. Buni choyxonada somsa savdosi bilan taqqoslash ham mantiqan notoʻgʻri.
🏓 Avvalo, qurilish tashkilotlarining reytingi – bu sohadagi yuridik maqomga ega soliq toʻlovchi tashkilotlarning sohaviy malaka tajribasidan kelib chiqishini taʼkidlamoqchimiz. Bunda iqtisodiy-moliyaviy koʻrsatkichlar, texnik imkoniyatlar, ishning sifati, mehnat xavfsizligi, boshqaruv va sifat standartlari hamda kadrlar siyosati kabi omillarga birlamchi eʼtibor qaratiladi. Eslatib oʻtamiz, bunda inson omilining aralashuviga mutlaqo yoʻl qoʻyilmaydi. Bu jarayonlar idoralararo integratsiya qilingan hamda tashkilotlar oʻrtasida interpolyatsiya mezonlariga asoslangan onlayn baholab borish platformasi hisoblanadi.
Biroq videomunosabatda tilga olingan guvohnoma olish masalasida baholash mezoni imtihon topshiruvchining bilimini baholaydi xolos!
⚠️ Mantiq shundaki, reytingdagi baholash mezonining baʼzi bandlariga koʻra qurilish tashkiloti 100% ball toʻplagani bilan boshqa bandlarga koʻra raqiblaridan zaif boʻlishi mumkin (Aytaylik qurilish tashkilotining, soliq, mehnat, moliya va boshqa bir qator yoʻnalishlarda muammolari boʻlgani uchun ballari avtomatik tarzda tushib ketishi mumkin. Bu faqatgina vazirlikning birlamchi baholashiga bogʻliq masala emas). Natijada qurilish tashkilotining umumlashgan bali keskin past koʻrsatkichni qayd qiladi. Buni qurilish tashkilotining texnik salohiyati bilan qorishtirib yuborish xato boʻladi. Yana takrorlab aytamiz, qurilish tashkilotlarining reyting baholash tizimi interpolyatsiya asosida tashkil qilingan. Ball toʻplash jarayoni bir necha tashkilotlarning talabi bilan bogʻliq. Bunda hech qaysi tashkilot 100 % natijaga ega boʻla olmaydi. Sababi har qanday tashkilotda ijobiy va salbiy xulosalar mavjud.
“Somsaxona” masalasiga kelsak, reyting baholash tizimi – bu mahsulot sifatini emas, balki “choyxona” faoliyatini yurituvchi yuridik shaxsning yuqorida sanab oʻtilgan talablarga muvofiqligini onlayn baholaydi.
✔️ Bu tizimning yana bir qulayligi, odamlar qurilish tashkilotining salohiyatini uning reyting koʻrsatkichlaridan ham bilib oladilar. Bugun uy-joy qurilishi bozoridagi yirik tashkilotlar B toifadagi, yaʼni oʻrta va undan yuqori reytingga egaligini koʻrishimiz mumkin.
Shu o‘rinda yana bir hayotiy haqiqatni ta’kidlash o‘rinli. Doim kuchlilarga nisbatan kuchsizroq bo‘lganlar, soddaroq aytsak imkoniyati kamlar yaratgan mahsulot sifatsiz yoki yaroqsiz bo‘lavermaydi. Maktabda past bahoga o‘qigan o‘quvchi o‘g‘ri yoki muttaham bo‘lavermaydi, balki aksincha!
➡️Mahsulot sifatini unga qo‘yilgan talab, yaʼni standart belgilaydi, ishlab chiqaruvchining imkoniyati yoki salohiyati emas!