Toshkent shahrida barpo etilayotgan muhim ijtimoiy obyektlar bo‘yicha pudratchi tashkilotlarni belgilash asoslari.
Kun.uz saytida joriy yil 25 noyabr kuni “Prezident farmoniga zid farmoyishlar: Toshkentda bir necha yuz mlrd. so‘mlik qurilishlar pudratchilarga nega tendersiz berilgan?” sarlavhali material e’lon qilindi.
Mazkur maqolada ko‘tarilgan masalalar Qurilish vazirligining tegishli mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganilishi natijalari bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi:
Toshkent shahrida ijtimoiy va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash maqsadida 2020 yilda poytaxtdagi bir qator muhim ijtimoiy soha obyektlari bo‘yicha qurilish va ta’mirlash ishlarini qisqa muddatlarda amalga oshirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari qabul qilingan. Mazkur hujjatlarga muvofiq pudratchi tashkilotlarni, istisno tariqasida, eng yaxshi takliflar orasidan tanlab olish yo‘li bilan aniqlash nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 yanvardagi “2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ–4565-son qarorining 4-bandida Vazirlar Mahkamasining hujjatlarida pudratchi tashkilotlarni tanlab olish bo‘yicha alohida qoidani belgilash huquqi nazarda tutilgan.
“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunning 66- va 67-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining alohida farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan subyektlar yagona yetkazib beruvchi bo‘lishi mumkin va ular bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolash ruxsat etilgan. Ya’ni ushbu qonun bilan ham yagona yetkazib beruvchi tanlanishi uslubi bayon etilgan va unga aniq tarif berilgan.
Shuningdek, pudratchi tashkilotni tanlovsiz jalb qilish bo‘yicha qaror qabul qilinganda har bir obyektning muhimligi va foydalanishga topshirish muddati, quruvchi tashkilotning zamonaviy texnika va malakali mutaxassislar bilan ta’minlangani hamda moliyaviy barqarorligi, loyihalash va qurilish ishlarini boshqarishda xorijiy xamkorlar bilan aloqalari mavjudligi alohida e’tiborga olingan.
Xususan, Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida “Power Construction Planet” MCHJ tomonidan Zangiota tumanida ixtisoslashtirilgan 2 160 o‘rinli shifokorlar uchun karantin zonasi va Arxitektura institutining uchta binosini qurish hamda “ECO House-Group” MCHJ tomonidan Geologiya fanlari universiteti binosini rekonstruksiya qilish va Raqamli Toshkent situatsion markazini barpo etish ishlarini amalga oshirish belgilangan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil
8 iyundagi PQ–4740-son qaroriga ko‘ra geologiya sohasi ehtiyoji uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish hamda sohada ilm-fanni rivojlantirish maqsadida Geologiya fanlari universiteti binosi va inshootlarini qurish ishlari jadal olib borilmoqda.
Joriy yil oktabr oyida Davlat Rahbarining mazkur obyektga tashrifi davomida berilgan ko‘rsatmalari asosida qurilish ishlarini 2021 yil mart oyida yakunlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.
Ushbu obyektlar pudratchisi – “Power Construction Planet” MCHJda bugungi kunda 7 000 dan ziyod quruvchi va mutaxassislar mehnat qilib, 246 ta maxsus texnikalari mavjud. Turkiyaning yirik qurilish-pudrat tashkilotlari qatoridan joy olgan “Mesa”, “Muhendis” va “Uzguven” kompaniyalarining yetakchi mutaxassislari qurilish ishlarini boshqarish va tashkil etishga jalb qilingan.
Shuningdek, ushbu materialda Vazirlar Mahkamasining muayyan hujjatlari Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (lex.uz)da e’lon qilinmaganiga urg‘u berilgan.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasiga asosan Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari qonun hujjati, ya’ni normativ-huquqiy hujjat turiga kirmaydi va Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunning 37-moddasiga asosan tezkor va boshqa joriy masalalar bo‘yicha qabul qilinadi.
Ayrim farmoyishlar Lex.uz bazasida e’lon qilingan bo‘lishi mumkin, shu bilan birga farmoyishlar qonun hujjatlari bo‘lmaganligi sababli, ushbu bazada joylashtirilishi yuzasidan majburiyat qonunchilikda belgilanmagan. Qolaversa, maqsad ushbu shartnomaviy munosabatlarni yashirish bo‘lgan taqdirda, ular to‘g‘risidagi ma’lumot ochiq portalga qo‘yilmas edi.
Tender savdolari asosida pudratchi tashkilotlarni tanlab olish juda samarali uslub va bu eng asosiy talab va tamoyildir. Shu bilan birga, butun dunyo tajribasida hamda Jahon banki standartlarida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar asosida shartnomalar tuzish zaruriyati tufayli tender savdolarisiz tanlovlar amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Asosiy maqsad – ijtimoiy ahamiyatga ega muhim obyektning o‘z vaqtida va sifatli barpo etilishini ta’minlash. Qurilish obyektlarining loyiha va smeta hujjatlarini tayyorlash va ularning ijrosi ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, asossiz mablag‘lar sarflanishiga yo‘l qo‘yilmasligi kafolatli ta’minlanadi.
Shu o‘rinda, kun.uz nashri va boshqa ommaviy axborot vositalari muayyan bir mavzu bo‘yicha material tayyorlashda uni chuqur va atroflicha o‘rganishni, soha mutaxassislari fikrini inobatga olgan holda xolislik prinsipi asosida o‘z ishini tashkil etsalar maqsadga muvofiq bo‘ladi.