Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan “Eshigimning tagida restoran qurilmoqda” yoxud Toshkentda qurilish me’yorlarini buzish nega bunchalar oson?” nomli maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Toshkent shahar, Shayhontohur tumani, Nurafshon ko‘chasi bo‘yida
“MARJA-ASHYO-SAVDO” MCHJ tomonidan qurilayotgan binoga nisbatan hududda istiqomat qilayotgan aholi noroziligi mavjudligi va shaharsozlik qoidalari buzilganligi haqida bildirilgan fikrlar yuzasidan Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi mutasaddilari joyida holatni atroflicha o‘rganib chiqdi.
Aniqlanishicha, Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi qoshidagi Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organi tomonidan joriy yilning 7 avgustida ob’ekt qurilishi bo‘yicha “DREAM HOUSE DESIGN” MCHJ tomonidan ishlangan eskiz loyihasiga 31-1723/A-sonli xulosa berilgan. Tadbirkor tomonidan xulosada belgilangan talablar to‘liq bajarilmasdan qurilish ishlari boshlab yuborilgani sababli aholi tomonidan norozilik kelib chiqqan.
Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan “MARJA-ASHYO-SAVDO” MCHJ rahbariga xulosada qayd qilingan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining va tegishli tashkilotlarning xulosalariga muvofiq ravishda ob’ektning loyiha hujjatlari qayta ishlab chiqilib, yon qo‘shnilarning roziligi olinganidan so‘ng Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organiga qayta taqdim etilishi hamda barcha hujjatlar kelishilgunga qadar qurilish ishlarini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha kelishildi.
O‘z navbatida “MARJA-ASHYO-SAVDO” MCHJ rahbari ob’ekt umumovqatlanish shahobchasi emas, balki savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchasi sifatida qaytadan loyihalashtirilishini ma’lum qilib, so‘ralgan barcha hujjatlar to‘plamini shakllantirgan holda Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organiga taqdim etishi va jarayonlarning barchasi amalga oshirilgunga qadar qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatib turilishini bildirdi.
Vazirlik matbuot xizmati