Samarqandda 25 qavatli uy quriladi

Qurilish Vazirligi > Yangiliklar > Yangiliklar > Samarqandda 25 qavatli uy quriladi
Noyabr 3, 2020 Posted by: tested Yangiliklar

Samarqand viloyat hokimligi qoshidagi qurilish-bunyodkorlik ishlarini qonun talablari asosida olib borilishini ta’minlash, noqonuniy qurilishlarning oldini olish bo‘yicha shaharsozlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida Samarqand shahrining Kimyogarlar qo‘rg‘oni, Qorasuv massivi, Beruniy, Ozod Sharq ko‘chalari va Pastdarg‘om tumani Nayman mahallasida barpo etilishi rejlashtirilgan ko‘p qavatli uy-joylar qurish loyiha eskizlarining taqdimoti o‘tkazildi.

Viloyat hokimi boshchiligidagi kengash a’zolari har bir loyihani birma-bir tahlil qildi. Loyihalashtirilgan binolarning yon atrofidagi mavjud inshootlar bilan tegishli masofasi mavjudligi, avtomobillar to‘xtash joylari, bolalar maydonchasi tashkil etilishi va ularning joylashuviga alohida e’tibor qaratildi.

O‘nga yaqin loyihalar ko‘rib chiqildi. Ammo aksariyati ko‘p qavatli binolarni qurishga oid loyihalarning deyarli hammasi rad etildi va ba’zilarini joyida ko‘rishga qaror qilindi.

Kengash yig‘ilishi doirasida E.Turdimov Samarqand shahrining Qorasuv massivida barpo etilishi kutilayotgan 25 qavatli turar-joy binosi hamda istirohat bog‘i qurilish ishlari bilan tanishdi.

Massivdagi ko‘p qavatli uyning yer to‘la qismida faoliyatini boshlagan tikuvchilik sexi ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Ushbu sexda 80 dan ziyod xotin-qiz ish bilan ta’minlangan va ularning asosiy qismi shu hududda yashovchilardir. Shuningdek, bu yerda turli sport va fan to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Kelgusida massivdagi boshqa ko‘p qavatli uylar yerto‘lasida ham shu kabi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish taklifi bildirildi.