Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandning turizm salohiyatini rivojlantirishga doir taqdimot bilan tanishdi.
Bu borada Samarqandning salohiyati juda yuqori. Shu bois mazkur viloyatda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha kompleks ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Samarqand tumanida turistik markaz tashkil etilmoqda. Bu so‘lim maskanda 8 ta zamonaviy mehmonxona, yirik anjumanlar zali, restoranlar, bog‘ va sayilgohlar bo‘ladi. Ushbu turistik markazni Samarqand xalqaro aeroporti, temir yo‘l vokzali, Imom Buxoriy maqbarasi, Registon maydoni va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan bog‘laydigan ko‘chalar ta’mirlanmoqda. Samarqand shahrining turizm salohiyatini rivojlantirish maqsadida 10 ta yangi mehmonxona barpo etilmoqda.
Davlatimiz rahbari transport, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, Samarqand shahrini obodonlashtirish, manzarali va mevali ko‘chatlar ekish bo‘yicha topshiriqlar berdi.